AsosiyJamiyat

Metroda chipta sotib oldingizmi? Unda e`tiborli bo`ling!

'Metroda chipta sotib oldingizmi? Unda e`tiborli bo`ling!'ning rasmi

2020 yil 1 noyabr kunidan boshlab Toshkent metropolitenida jetonlardan foydalanish to`xtatilishi, shuningdek yo`l haqi to`lovlari yagona transport kartalari va NFC bank kartalari orqali amalga oshirish imkoniyatini beruvchi stasionar validatorlar bilan jihozlanganligi haqida xabar berilgan edi.

Hozirgi kunda metropoliten bekatlaridagi kassalarda jetonlardan foydalanish to`xtatilishi munosabati bilan bir martalik chiptalar joriy etilgan.

Bu, albatta tushunarli, fuqarolar Yagona to`lov kartasidan foydalanishga o`tgunga qadar bir martalik chiptalar zarur. Lekin, ushbu chiptalar oldingi jetonlardan farqli o`laroq individual xarakterga ega, ya`ni har bir bekat uchun alohida chipta sotib olishingizga to`g`ri keladi.

Masalan, metroning Amir Temur bekatidan sotib olingan chipta bilan Chilonzor yoki boshqa bekatlarda harakatlana olmaysiz.

Bu esa, o`z  navbatida metropoliten yo`lovchilari uchun ayrim noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.

Birinchidan, metpopoliten kassalari oldida muayyan bir bekatga kirish uchun navbat kutayotgan yo`lovchilarning uzundan-uzun qatorlari yuzaga kelmoqda. Bu esa, hozirgi sovuq ob-havo sharoitida qulay va xavfsiz transport vositasi bo`lgan metrodan foydalanishda ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab bo`lmoqda.

Ikkinchidan, muayyan bekatdan sotib olingan chiptani faqat ushbu yo`nalishda harakatlanish uchun amal qilishini hamma yo`lovchilar ham bilmasligi mumkin.

Ya`ni, aksariyat yo`lovchilar bekatlarda shoshilayotganligi yoki e`tiborsizligi sababli, bir martalik chiptada yozilgan yozuvga ahamiyat bermaydi. Shunga ko`ra, chiptalarning faqat metroning bitta yo`nalishida amal qilishiga doir ma`lumotlar metropoliten bekatlarida joylashtirilsa yoki e`lon qilib borilsa, yo`lovchilarning ushbu masaladagi xabardorlik darajasi yanada oshgan bo`lar edi.  

Yuqorida qayd etilgan muammolarning tezkorlik bilan hal qilinishi, metropolitendan foydalanuvchilar uchun yanada qulaylik va imkoniyatlar yaratadi.

    Boshqa yangiliklar