Xalq ta`limi vazirligi tomonidan Respublikamizda ilk marotaba matematika fani o`qituvchilari o`rtasida olimpiada tashkil etilmoqda. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Olimpiadada umumiy o`rta ta`lim muassasalari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga qarashli ta`lim muassasalari, akademik lisey va kasb-hunar maktablari, nodavlat ta`lim muassasalarining matematika fani o`qituvchilari ishtirok etadi.
Olimpiadaning hududiy bosqichi Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarda joriy yilning 12-13 dekabr kunlari, Xorazm viloyatida esa 19-20 dekabr kunlari bo`lib o`tadi.
Olimpiadaning ilk kunida ishtirokchilarga 120 daqiqa vaqt belgilanadi hamda 20 ta yopiq (20 ball) va 20 ta ochiq (30 ball) jami 40 ta test topshiriqlari beriladi. Test natijalariga ko`ra eng yuqori natijalarni qayd etgan 50 nafar ishtirokchilar olimpiadaning yozma ish bosqichida qatnashadi. Yozma ish turli qiyinchilik darajasidagi 5 ta topshiriqdan iborat bo`lib, ularning 2 tasi 8 ball bilan, 2 tasi 10 ball bilan hamda oxirgi bir topshiriq 14 ball bilan baholanadi(jami 50 ball). Ishtirokchilarning ikki tur bo`yicha ballari umumlashtirilib, 5 nafar g`oliblar aniqlanadi va ular respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
O`qituvchilar o`rtasida Matematika fanidan Respublika olimpiadasi har yili ikki bosqichda o`tkaziladi. Olimpiadaning Respublika bosqichi fevral oyida o`tkazilishi rejalashtirilgan.






