Respublikamizning suv ta`minoti sohasiga Janubiy Koreya tajribasi olib kirilmoqda. Bu haqda "O`zsuvta`minot" AJ axborot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirining birinchi o`rinbosari, «O`zsuvta`minot» AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov boshchiligidagi delegasiya 9-10 dekabr kunlari Koreya Respublikasiga safar qildi.
Koreya Respublikasi Ekologiya va atrof-muhit vazirligida o`tgan uchrashuvda suv ta`minoti sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakuni bo`yicha tomonlar o`rtasida hamkorlik memorandumi, Toshkent shahar Mirobod tumanidagi eskirgan suv quvurlarini modernizasiya qilish bo`yicha pilot loyihasini Janubiy Koreya hukumatining grant mablag`lari hisobidan moliyalashtirish haqida kelishuv ham imzolandi.
«O`zsuvta`minot» AJ va K-Water DK o`rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat suv ta`minoti sohasiga yangi bilimlar va nou-xaular olib kirish, Janubiy Koreya tajribasini qo`llashda «O`zsuvta`minot» AJning texnik va boshqaruv salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Toshkentda texnologiyalar transferi va malaka oshirish bo`yicha maxsus markaz qurish, uning ilmiy-uslubiy va texnik jihozlash, O`zbekiston hududlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida suv ta`minotini yaxshilash loyihalarini birgalikda tayyorlash va ichimlik suvi sifatini oshirishda ilg`or tajribalarni jalb qilish ham memorandumning asosiy maqsadlaridandir.
Bundan tashqari, erishilgan kelishuvga ko`ra, 2021 yilda Toshkent shahrida K-Water davlat kompaniyasining muntazam ishlaydigan vakilligi tashkil etiladi.
Suv resurslarini boshqarish sohasida kadrlar tayyorlash instituti rahbariyati bilan bo`lgan muzokaralarda esa Toshkent shahrida da suv ta`minoti sohasi xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan maxsus markaz qurish masalasi ko`rib chiqildi.
Janubiy koreyalik hamkorlar boshqaruv va ishchi xodimlar uchun maxsus o`quv dasturlarini ishlab chiqish va O`zbekiston OTMlariga o`qituvchilarni tayyorlash bo`yicha yordam berishga tayyorligini bildirishdi.






