O`zMTDPning xalq deputatlari Mirzo Ulug`bek tuman kengashidagi deputati Jahongir Ziyaev “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to`g`risida” Qonunda belgilangan vakolatidan foydalanib, “Qorasu-1” dahasi “Yangi hayot ikkinchi”, “Yangi hayot uchinchi”, ”Yangi hayot to`rtinchi” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (XUJMSh) rahbari E.Xalikovani “Deputat so`rovi”ga o`z vaqtida javob qaytarmagani uchun sudga berdi. Bu haqda O`zMTDP Mirzo Ulug`bek tuman kengashi matbuot xizmati xabar berdi.
Gap shundaki, deputat J.Ziyaev Chimyon mahallasidagi ushbu shirkatga qarashli bo`lgan 10 ta ko`p qavatli uyning (22-31-uylar) erto`lasidagi antisanitariya holati bo`yicha XUJMSh rahbari E.Xaliqovaga “Deputat so`rovi” yuborgan. Qonunga ko`ra, so`rovga 10(o`n) kun muddat ichida javob qaytarilishi lozim edi. Ammo E.Xalikova oradan qariyb 20 kun o`tsa-da, na so`rovga javob qaytardi, na yuqumli kasalliklar kelib chiqishi xavfi bo`lgan muammoni joyiga chiqib o`rgandi. Deputatning telefon orqali qilgan murojaatlariga esa “JEK” rahbaridan “osmon qo`lingda bo`lsa, tashlab yubor” qabilida javob qaytarildi.
Shundan so`ng J.Ziyaev XUJMSh rahbarini “O`zbekiston Respublikasining ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks”ning 193-moddasiga ko`ra sudga berdi va Mirzo Ulug`bek tumani Ma`muriy sudi ushbu ishni ko`rib chiqib, E.Xalikovani aybdor deb topdi.
– “Deputat so`rovi”ga o`z vaqtida javob bermaslik yoki boshqa shaxsning javob qaytarish holatlari juda ko`p uchraydi, – deydi deputat J.Ziyaev. – Amaldagi qonunimizda bunga nisbatan ma`muriy javobgarlik belgilangan bo`lsa-da, lekin “o`zbekchiligimiz”ga boraveramiz. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoev shu yilning 20 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi ma`ruzasida aynan shu masalaga to`xtalib: “Parlament va deputat so`rovini ko`rib chiqmaganlik yoki ko`rib chiqish muddatini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi.
Shunga qaramasdan, afsuski, ayrim hollarda deputat so`roviga rahbarning o`zi emas, balki uning o`rinbosari, hatto boshqarma boshliqlari javob qaytarmoqda. O`zingiz ayting, qani bu masalada xalq vakilining obro`si? Parlamentga va deputatga bo`lgan hurmat shumi?” – deya ta`kidlagan edi.
Shu ma`noda, “Deputat so`rovi”ga o`z vaqtida javob qaytarmagan rahbarlar tegishli tartibda jazolanmas ekan, xalqimizni qiynab kelayotgan ko`plab muammolar echilmay qolaveradi.






