Hukumatning «Koreya konsorsiumining investisiya loyihasi doirasida Toshkent shahrida tibbiyot klasterini yaratish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori loyihasi e`lon qilindi.
Sog`liqni saqlash vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahrida 400 o`rinli, kuniga 3500 ambulator tashrifga mo`ljallangan Tibbiyot markazi, shuningdek, quvvati 2400 talaba (bakalavr, magistr)ga ta`lim berishga mo`ljallangan Koreya tibbiyot universitetining filialini o`z ichiga olgan umumiy qiymati 135,2 million AQSh dollari bo`lgan tibbiyot klasterini yaratish bo`yicha ta`sischilari Uclone&SNS Korea Inc, KIND biznes guruhi, KDBank aksiyadorlik guruhi, Shinhan Bank, K-Exim Bank, Koreyaning Chung-Ang universiteti bo`lgan Koreya konsorsiumining to`g`ridan-to`g`ri investisiya loyihasini amalga oshirish haqidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Belgilanishicha:
- tibbiyot klasterini qurish va foydalanishga topshirish;
- BLT (build-lease-transfer) «qurilish – ijara – topshirish» platformasi asosida amalga oshiriladi va 25 yilga mo`ljallanadi, shundan so`ng loyiha o`zbek tarafining Toshkent shahar Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi boshqaruviga o`tkaziladi;
- loyiha O`zbekiston Prezidentining 2019 yil 13 noyabrdagi PQ-4520-sonli qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston hukumati va Koreya respublikasi hukumati o`rtasidagi bitim doirasida amalga oshiriladi.
Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga:
- investorning muayyan huquqlari va majburiyatlari, investisiyalar hajmi, investorga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek boshqa investisiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni nazarda tutgan holda ilovaga muvofiq dastlabki texnik-iqtisodiy ko`rsatkichlarni hisobga olib, Toshkent shahar sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi va investor o`rtasida investisiya shartnomasini tuzish;
- investisiya shartnomasidan kelib chiqadigan taraflar o`rtasidagi majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazorat o`rnatish vazifasi yuklanadi.
Toshkent shahar hokimligi Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda belgilangan tartibda investisiya loyihasini amalga oshirish doirasida Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida tibbiyot klasteri qurish uchun maydoni 4,8 gektar bo`lgan er uchastkasi ajratilishini ta`minlaydi.






