Xalq ta`limi vazirligi Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog`liq cheklovlar pandemiya sharoitida bolalar va xodimlar xavfsizligini ta`minlash, maktablarda ota-onalardan turli noqonuniy pul yig`imlarini oldini olish maqsadida joriy etilayotganini ma`lum qildi.
Shuningdek umumta`lim maktablarining o`quvchilari ishtirokida yopiq binolarda turli bayram tadbirlari va kechalarini tashkil etish va o`tkazish Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan epidemiologik vaziyatning barqarorligini saqlab qolish maqsadida ham taqiqlanadi.
Maktab foyesi va sinf xonalarini o`quvchilarning qo`llari bilan yasalgan bezaklardan tashqari, sun`iy archa va elektr chiroqlar bilan bezatish bilan bog`liq cheklovlar yong`in yuzaga kelish xavfini oldini olishni ko`zda tutadi.
Bolalar bilan Yangi yil bayrami tadbirlarini O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Bolajon” va “Yoshlar” telekanallari orqali tashkil etiladigan Yangi yil telemarafonini tomosha qilish hamda oila davrasida o`tkazish tavsiya etiladi, deyilgan Vazirlik rasmiy bayonotida.






