Yangi yil tadbirlari, sayllar, bayram tomoshalari kabi odam ko`p yig`iladigan yig`inlar koronavirus tarqalishi uchun sharoit yaratib berishi turgan gap. Xo`sh, mutaxassislar bu masalaga qanday qaraydi? CCV Matbuot xizmati shu savol bilan vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi E`zozbek Rizaevga murojaat qildi:
– Inson immun tizimi soatdek to`g`ri ishlab turishi uchun inson sog`lom turmush tarziga rioya kilishi kerak, muntazam sport bilan shug`ullanishi va zararli odatlardan voz kechishi shart. Bularning barchasi insonga bog`liq bo`lgan mezonlardir, – deydi E`zozbek Rizaev. – Lekin insonga bog`liq bo`lmagan mezonlar ham bor. Bular – tashki muxitning noqulay bo`lishi (o`ta sovuq harorat yoki o`ta issiq), kuchli shovqin (musiqa oxangi 80 desibel va undan yuqori bo`lishi), tashqi muxitda kislorod miqdorining kamayishi (yopiq povelion, tamaki tutuni, insonlar sonining ko`p bo`lishi) inson immun tizimini zo`riqishiga olib keladi. Natijada, kasallik yuqtirib olish va kasallanish xavfi bir necha barobarga ortib ketadi.
Mamlakatimizda karantin talablarini biroz yumshatilganligi, davolanish ko`rsatkichlarini 97 foizga etgani bu – “biz koronavirusni engdik” degani emas albatta. Biz hozircha faqatgina bu ko`rsatkichlarni mo`tadillashtirishga muvaffaq bo`ldik, xolos.
Endilikda kasallikni to`liq engish uchun ogohlikni yo`qotmasligimiz kerak. Bu ishda esa biz har birimiz mas`ulmiz. Yurtimiz uzra bayram kayfiyati allaqachon tarala boshladi. Kuni kecha asosiy qomusimiz – Konstitusiya qabul qilingan kunini nishonladik. Oldinda esa yangi yil bayrami eshik qoqmoqda.
Bayram chiroyli va xursandchilik bilan o`tishini istagan xolda, biz shifokorlar yangi yil bayramini uyda, oila davrasida, ortiqcha dabdabasiz o`tkazishni tavsiya qilamiz. O`sha kuni mehmonga borish yoki mehmon chaqirish tavsiya etilmaydi.
Shuning uchun ham Respublika maxsus komissiyasi bayonotida viloyat, tuman va shaharlardagi bayram archalarini ochiq osmon ostida o`rnatish tavsiya etildi.
Bayram korporativ o`tirishlari, turli xil diskotekalar – sizning salomatligingizga jiddiy putur etkazishi mumkin. Ayniqsa, maktabgacha ta`lim tashkilotlari, maktablar hamda oliy o`quv yurtlarida turli bayram tadbirlari va kechalarini tashkil etish yoshlar salomatligi jiddiy xavf soladi.
Alkogol va tamaki maxsulotlarini ko`p iste`mol kilish esa, nishon a`zolarimiz o`pka, jigar va buyrakni shikastlanishiga olib keladi. Bu holat esa immun tizimimizning susayishi va kasallikka chalinishi, shuningdek, kasalliklarni tez tarqalib ketishiga sabab bo`lishi mumkin.
Sog`liqni saqlash vazirligi dunyodagi epidemik vaziyat hamon tahlikali bo`lib qolayotganini inobatga olib, mutaxassislarning tavsiyalariga amal qilish har birimiz uchun muhim ekanini eslatib o`tadi. Bunday xolatlarga yo`l qo`ymaslik esa har birimizning o`z qo`limizda.
Eng asosiysi, Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi xorijiy mamlakatlar ijobiy tajribasini inobatga olgan holda jamoat joylarida niqobdan foydalanishga jiddiy ahamiyat berish lozim. Respublika maxsus komissiyasining bayonotida ko`zda tutilgan Yangi yil bayrami tadbirlarini o`tkazish bo`yicha tavsiyalariga amal qilish har birimizning sog`lig`imiz uchun nihoyatda muhimligini unutmaylik!






