AsosiyJamiyat

O`zbekistondagi aloqa kompaniyalari iste`molchilarga 22,5 mlrd. so`mdan ko`proq zarar etkazgan

'O`zbekistondagi aloqa kompaniyalari iste`molchilarga 22,5 mlrd. so`mdan ko`proq zarar etkazgan'ning rasmi

Bugun AOKAda Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori o`rinbosari  A`zamjon Qurbonov ishtirokida brifing o`tkazildi.  

Unda ma`lum qilinishicha, Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga joriy yilning o`tgan davri mobaynida iste`molchilardan jami 17,5 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan bo`lib, shundan 638 tasi aloqa sohasidagi muammolar bilan bog`liq murojaatlardan iborat.

 Joriy yilning o`tgan davrida Agentlik tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar natijasida, aloqa sohasida iste`molchilardan 22,5 mlrd. so`mdan ziyod ortiqcha mablag` olinganligi aniqlandi va ularni iste`molchilarga qaytarish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilingan.

"Masalan, Bilayn kompaniyasi tomonidan o`tgan yilning iyun oyida 3 mln 200 mingdan ortiq abonent “Xabardor bo`l” xizmatiga bepul ulangan, biroq ushbu xizmatdan bir oy bepul foydalangan 1 mln 300 ming abonentdan keyingi oydan boshlab kuniga 240 so`mdan pul ushlab qolavergan va bu haqda, xizmatning pullik ekanligi to`g`risida barcha abonentlar xabardor etilmagan. Natijada, iste`molchilardan 20 mlrd so`mga yaqin ortiqcha haq olingan. Bugungi kunda ushbu mablag` abonentlarga bosqichma-bosqich qaytarilmoqda", deydi mutaxassislar.

Kontent provayderlar tomonidan mobil aloqa kompaniyalari ko`magi bilan iste`molchilar o`rtasida turli viktorina va boshqa pullik xizmatlarni ko`rsatishda ham iste`molchilar huquqi buzilishi holatlari mavjud.

Xususan, “Via Mobi” kontent provayderi tomonidan “G`olib bo`l va yutib ol!” aksiyasi doirasida Bilayn abonentlariga “Siz 100 mln so`m g`olibi sifatida tanlab olindiz” mazmunida SMS xabar yuborilishi natijasida 3 600 iste`molchi 17,1 mln. so`m miqdorida ortiqcha xarajatni amalga oshirgan.

“First IT Group” kontent provayderi tomonidan “Al-chiroq” aksiyasiga ulangan Ucell abonentlariga haqiqatda pullik xizmatlar ko`rsatilmasada, haq undirilgan va bu haqda iste`molchilar xabardor qilinmagan. Natijada 337 900 abonentdan 97,4 mln so`m ortiqcha mablag` olingan.

Bundan tashqari, Axborotlashtirish va telekommunikasiyalar sohasida nazorat bo`yicha davlat inspeksiyasi hamda “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK bilan birgalikda joriy yilning iyun-iyul oylarida respublika hududidagi 12 246 ta aholi yashash maskanlarida mobil aloqa qamrovi holati tahlil qilinganda, ularning 6,6 foizida – 2G, 56,8 foizida – 3G va 95,5 foizida 4G aloqasi mavjud emasligi aniqlangan.

Shu bilan birga, 115 ta aholi yashash maskanida biror-bir mobil aloqa operatorining aloqa qamrovi mavjud emasligi, 533 ta etib borish qiyin bo`lgan aholi yashash maskanlaridan 313 tasida (yoki 58,7 foizida) umuman mobil aloqa qamrovi mavjud emasligi qayd etilgan.

Masalan, Namangan viloyatida iste`molchilarning aloqa xizmatlari bilan ta`minlanganlik darajasi tahlil qilinganda, 4 ta mobil aloqa kompaniyalarining jami 1,7 mln abonentlari mavjudligi, ularda jami 1058 ta tarmoq aloqa baza stansiyalari o`rnatilganligi va bu 1615 ta abonentga 1 ta antenna to`g`ri kelishi aniqlangan (1 ta antenna Qozog`istonda 643 nafar va Rossiyada 235 nafar aholiga xizmat qiladi).

    Boshqa yangiliklar