2020 yilning may oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo`llari qo`mitasi tomonidan joriy yilning 4 dekabridan “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz” avtomobil yo`lining 871- kilometrida transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish ko`chma punkti tashkil etilgan edi.
Mazkur mobil punkt transport vositalarining vazn va hajm parametrlari o`lchovini amalga oshirish uchun maxsus uskunalar bilan jihozlangan bo`lib, 10 dekabr sanasidan buyon uzluksiz ravishda faoliyat yuritmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tomonidan ko`chma punktning ish jarayoni joyiga chiqib o`rganildi.
Bugungi kunga qadar ko`chma punkt orqali jami 73 ta yuk avtotransport vositalari nazoratdan o`tkazilgan bo`lib, 64 ta yuk tashuvchilari me`yordan ortiqcha yuk bilan harakatlanganligi aniqlangan va ularga nisbatan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Bu haqda Transport vazirligi Matbuot xizmati xabar qilmoqda.






