Hukumat qarori (783-son, 15.12.2020 y.) bilan “Sudyalar va ularning oila a`zolari pensiya ta`minoti shartlari, me`yorlari hamda tartibi to`g`risida”gi nizomga o`zgartirishlar va qo`shimcha kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko`ra, endilikda quyidagilar ham sudya lavozimida pensiya olish huquqini beradigan ish stajiga hisobga olinadi:
● ilgari sudya lavozimida ishlagan shaxslarning Oliy sud apparati rahbari, boshqarma boshlig`i yoki Oliy sudning boshqaruv xodimlari tarkibiga kiritilgan boshqa lavozimlarda ishlagan davri;
● Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabiga ishga jalb qilingan va malaka darajalariga ega bo`lgan sudyalar va ularga tenglashtirilgan shaxslarning Sudyalar oliy maktabida ishlagan davri.
Shuningdek, endilikda shaxsning Qonunchilik palatasi yoki Senat qarori bilan lavozimda bo`lgan davri ham sudya lavozimida pensiya olish huquqini beradigan ish stajiga hisobga olinadi (ilgari faqat Prezident yoki Hukumat qarori bilan).






