Respublika Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlar o`rtasida tadbirkorlik faoliyatiga to`siq bo`layotgan korrupsion holatlar bo`yicha ijtimoiy so`rovnoma o`tkazildi.
So`rovnoma 2020 yil davomida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi tadbirkorlar o`rtasida Palataning rasmiy telegram kanali orqali tashkil etilgan.
So`rovnomada tadbirkorlardan korrupsion holatga to`qnash kelgani yoki kelmagani so`ralganda, respondentlarning 69 foizi korrupsion holatga ko`p marotaba, 9 foizi bir marotaba to`qnash kelganligini ta`kidlagan bo`lsa, 22 foiz tadbirkorlar umuman duch kelmaganligini bildirishgan.
“Qaysi sohada tadbirkor ko`proq korrupsion munosabatlarga kirishishga majbur bo`ladi?” degan savolga tadbirkorlarning 30 foizi er maydoni olishda, 21 foizi kredit ajratilishida, 17 foizi tekshiruv o`tkazilish jarayonida, 9 foizi lisenziya olishda deb javob bergan.
So`rovnoma jarayonida berilgan ovozlar tahliliga ko`ra, ishtirokchilarning 54 foizi oxirgi bir yil davomida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida mansabdor shaxslarga norasmiy to`lov yoki sovg`a qilishga majbur bo`lganini ta`kidlagan.
Qilingan sovg`a yoki berilgan mablag`ning miqdori so`ralganda 38 foiz tadbirkor 1 milliondan 10 million so`mgacha, 19 foizi 100 ming so`mgacha, 18 foizi 1 million so`mgacha deb berilgan javoblarni tanlashgan bo`lsa, 15 foiz tadbirkor 10 milliondan 100 million so`mgacha, 9 foiz tadbirkor 100 million so`mdan ortiq mablag` berganini bildirgan.
Respondentlarning 51 foizi o`zi duch kelgan korrupsiya holatlari to`g`risida hech qaysi organga murojaat qilmagan, 11 foizi murojaat qilishdan qo`rqadi, 7 foiz tadbirkorlarning murojaati kutilgan natijani bermagan. 19 foiz tadbirkorlar korrupsiyaga duch kelmaganini bildirgan.
“Qaysi davlat organi mansabdor shaxslari faoliyatingizni tekshirish, o`rganish bilan qo`rqitish yoki masalangizni hal etishda korrupsion munosabatga kirishishga majbur qilgan?” savoli bo`yicha ham murojaat qilingan. 17 foiz tadbirkorlar bu savolga hokimlik, 17 foizi soliq idoralari, 13 foizi kadastr xizmati idoralari, 7 foizi sanitariya-epidemiologiya xizmati, 7 foizi banklar, 6 foizi prokuratura organlari deya javob qaytarishgan.
P.S: Bu ketishda O`zbekistonga uchinchi Renessans davrida investorlarning kelishidan umid qilmasak ham bo`ladi.






