Ijtimoiy tarmoqlarda «Zooqamoqxona. Qachon O`zbekistonda hayvonlar ustidan masxara qilish to`xtatiladi» sarlavhasi ostida tanqidiy xabar e`lon qilingan.
Unda viloyat Markaziy madaniyat va istirohat bog`i hududida yovvoyi hayvonlarni saqlash joyi tashkil etilganligi, u joydagi holat sanitariya-gigienik talablariga javob bermasligi, mazkur joyda hayvonlar uchun etarli shart-sharoit yaratilmagani sababli ularning qiynalayotgani, bunga o`xshash «hayvonot bog`lari» yosh avlod ongida hayvonlarga nisbatan salbiy taassurot qoldirishi bayon etilgan.
Holat masalaga bevosita mutasaddi tashkilotlar — viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish hamda Madaniyat boshqarmalari tomonidan o`rganilgan.
" - Zero, ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilgan murojaatda qo`yilgan muammoning ikki jihati yaqqol ko`rinadi. Birinchisi, hayvonot bog`idagi ahvol bo`lsa, ikkinchisi, hayvonlar saqlanayotgan joy muhofazaga olingan tarixiy inshoot yaqinida ekanligi. Shu bois aniqlanishicha, mahalliy tadbirkorga qarashli mazkur joyda ayni paytda 2 bosh sher, 1 boshdan ayiq va tulki, 7 bosh bo`ri, 2 bosh yonot, 2 bosh shoqol, 3 boshdan maymun va Tibet mollari, 15 bosh dengiz cho`chqasi va har xil turdagi dekorativ parrandalar saqlanib kelinmoqda.
Alohida qafaslarda saqlab kelingan bu hayvonlar mahalliy rasion asosida oziqlantirib kelingan va ularga Buxoro shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo`limi mutaxassislari veterinariya xizmatini ko`rsatgan.
Yovvoyi hayvonlarni saqlash va oziqlantirish uchun hayvonot bog`ida etarli sharoit yaratilgan va mas`ullar biriktirilgan. Kunlik oziqlantirish rasioni mutaxassislar tomonidan nazoratga olingan bo`lib, qishki mavsum uchun etarli ozuqa zaxirasi yaratilgan. O`rganishdan so`ng, hayvonot bog`i mas`ullariga atrofni va hayvonlar saqlanadigan qafaslarni toza saqlash, hayvonlarni oziqlantirishni kunlik rasionga muvofiq olib borish, hayvonlarni tomosha qilish uchun keladigan fuqarolarga sharoit yaratish bilan bog`liq tavsiyalar berildi", deyiladi Matbuot va axborot xizmati xabarida.
Ma`lum qilinishicha, viloyat hokimligi mutasaddilari hamda madaniyat boshqarmasi hayvonot bog`i rahbari bilan hayvonot bog`ini omma uchun qulay joyga ko`chirish to`g`risida kelishib olishgan.






