AsosiyJamiyat

"Xalqimizga gaz kerak!" Prezident gaz eksportini qisqartirib, avvalo aholi ehtiyojlarini qondirishga buyruq berdi

'"Xalqimizga gaz kerak!" Prezident gaz eksportini qisqartirib, avvalo aholi ehtiyojlarini qondirishga buyruq berdi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida o`tayotgan videoselektor yig`ilishida qishga tayyorgarlikda yo`l qo`yilgan kamchiliklarni hal etish masalalari tanqidiy tahlil qilinmoqda.

Ma`lum qilinishicha, tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, bugungi kunda gaz ta`minotida sutkasiga 20 million kub metr tanqislik mavjud. Oqibatda mingdan ziyod mahallada tabiiy gaz bosimi pasaygan.

– Gaz tizimi bilan bog`liq muammolar bugun yuzaga kelmagani, balki o`ttiz yildan beri bizni qiynab kelayotganidan barchamiz xabardormiz. Lekin buni bahona qilishga hech kimning haqqi yo`q. Xalqimizga gaz kerak, ularning ko`pchiligi buning uchun to`lovlarni o`z vaqtida halol qilib, to`lab kelmoqda, – dedi Prezident.

Davlat rahbari gaz eksportini qisqartirib, avvalo aholi ehtiyojlarini qondirish yuzasidan ko`rsatma berdi. Buning hisobiga kuniga 7-8 million kub metr tabiiy gaz qo`shimcha ravishda hududlarga yo`naltiriladi. Shuningdek, aholi ehtiyojini qoplash uchun yana 217 ming tonna suyultirilgan gaz etkazib berish vazifasi qo`yildi.   

Samarasiz ishlayotgan 25 ta konni investorlarga “risk-servis kontrakt” shartlari asosida berib, tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko`paytirish mumkinligi aytildi.

Joylarda ko`mir bilan bog`liq e`tirozlar ham bor. Aholi va ijtimoiy ob`ektlar uchun ajratilgan mahalliy ko`mirning 60 ming tonnasi hali egalariga etkazib berilmagani ko`rsatib o`tildi.

Yig`ilish davom etmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar