16-dekabrdan boshlab Buyuk Britaniya poytaxtida COVID-19 infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan cheklov choralarining uchinchi — eng yuqori darajasi amal qilishni boshladi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Shahar meri Sodiq Xonning 14-dekabr kuni e`lon qilingan bayonotida aytilishicha, kasallanganlar sonining o`sishi tufayli to`liq lokdaun e`lon qilish biznesga va aholiga nisbatan og`ir zarba bo`lgan bo`lardi.
“Londondagi biznes va bizning iqtisodiyotimiz uchun yangi yilda yana bir to`liq lokdaun eng yomon narsa bo`ladi. Shuning uchun ham londonliklardan hukumat joriy qilayotgan uchinchi daraja qoidalariga qattiq rioya qilishni qat`iy talab qilib qolaman, toki kasallanish darajasini maksimal ravishda pasaytira olaylik”, — dedi Xon.
Yangi cheklov choralari umumiy ovqatlanish muassasalari — bar, kafe va restoranlarga tegishli bo`ldi. Ularga mijozlarni qabul qilish taqiqlandi va faqat uyga olib ketish yoki etkazib berish uchun ishlashi mumkin bo`ldi. Shuningdek, jamoatchilik va ommaviy tadbirlar ham taqiqlandi. Xususan, shahardagi bog`larda fuqarolar ko`pi bilan olti kishi bo`lib to`planishi mumkin, shunda ham ijtimoiy masofaga rioya qilishi kerak. Nooziq-ovqat do`konlari, go`zallik salonlari va sport zallari o`z ishini davom ettiradi.
Xon, shuningdek, biznesga davlat tomonidan beriladigan ko`makni oshirishga chaqirdi. “Vazirlar shoshilinch tartibda ushbu hal qiluvchi bayramlar davrida kiritilgan cheklovlardan jabr ko`rgan har qanday korxonalar uchun qo`ldan boy berilgan butun daromad uchun tovon puli to`lash sxemasini joriy qilishi juda muhim. Hukumat, shuningdek, o`zini o`zi yakkalashga majbur bo`lgan ishchilar uchun kasallik bo`yicha to`lovni qonun tomonidan belgilangan to`liq hajmda to`lashi hamda gavjum ochiq jamoatchilik joylarida niqob taqishni majburiy qilishi kerak”, — deyiladi merning murojaatida.
14-dekabr holati bo`yicha Londonda bir kecha-kunduzda 5322 kishi koronavirusga chalingan, butun pandemiya davrida kasallanganlar soni esa 206,5 ming nafarga teng.
Avvalroq, Britaniyada Koronavirusning yangi turi tarqalgani haqida xabar bergan edik.






