AsosiyJamiyat

Deputat Doniyor G`aniev Marg`ilon yoshlari uchun katta loyiha boshladi

'Deputat Doniyor G`aniev Marg`ilon yoshlari uchun katta loyiha boshladi'ning rasmi

Bu haqda deputat o`zining ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasi orqali ma`lum qildi. 

"Marg`ilon shahri azal-azaldan olimu-ulamolar, savdogar va hunarmandlar yurti hisoblanadi. Shahar haqida so`z borganda, millionlab o`zbekning qalbiga singib qolgan marg`ilonlik Kumush siymosi, “Sohibi Hidoya” Burhoniddin Marg`iloniy shu yurtdan ekanligi esga olinadi. Qolaversa, buyuk ipak yo`li manzillaridan biri sifatida bu ko`hna shahar asrlar davomida ilm-fan va ma`rifat markazi sanalib, bu erda ko`plab ulamolar, etuk olimlar etishib chiqqan.  

Lekin shunga qaramasdan ming afsuski oxirgi yillarda shahar aholisi, ayniqsa yoshlar orasida bilim olishga qiziqishi kamayib bormoqda. Bu fikr tasdig`ini Oliy o`quv yurtlariga kirishga oid statistik ma`lumotlarda ham ko`rishimiz mumkin.

Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, 2019 yilda respublikadagi 203 ta hududlar kesimida maktab bitiruvchilarining Oliy o`quv yurtlariga kirish ko`rsatkichlarida Marg`ilon shahri 154-o`rinni, viloyat miqyosida esa 19 ta hudud ichida 17-o`rinni egallagan. O`tgan yili shahardagi jami 3670 nafar abiturientdan 272 nafari yoki atiga 7,4 foizi Oliy o`quv yurtlariga qabul qilingan.  

Bu achinarli statistika bilan birinchi marta tanishgan kunimdan shahar yoshlarini bilim olishga rag`batlantirish, yoshlarni oliy ta`limga jalb qilish bo`yicha loyiha ishlab chiqishni maqsad qilgan edim.  

Shu bois, o`zim saylangan hudud, Marg`ilon shahri maktab bitiruvchilari orasidan oilaviy sharoiti va iqtidoridan kelib chiqqan holda 50 nafarini tanlab olib, ularni Oliy o`quv yurtlariga kirish imtihonlariga repetitorlik markazlari yordamida tayyorlash loyihasini ishlab chiqdik. Loyiha doirasida barcha xarajatlar (taxminan 150 mln.so`m) homiylik mablag`lari evaziga qoplash ko`zda tutilgan.

KOVID-19 pandemiyasi sabab loyihani amalga oshirishni boshlashda biroz kechikdik. Shunga qaramasdan bu orada loyihani amalga oshirish uchun hamkor va homiylarni aniqlab oldik. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yangi tashkil etilgan Yoshlar ishlari agentligining Farg`ona viloyat boshqarmasi, shahardagi “Ideal progress education” o`quv markazi, “Fergana Global Textile” paxtachilik klasteri hamda boshqa mahalliy tadbirkorlarga bu boradagi hamkorlik va homiyligi uchun o`z minnatdorchiligimni bildiraman.

Loyihaga asosan, tegishli sinov va suhbatlar asosida barcha nomzodlar orasidan hozirda 42 nafar abiturient (rejamiz bo`ycha 50 nafar edi, lekin sinov va suhbatlardan faqat 42ta nomzod o`ta oldi) tanlab olinib, ularni Oliy o`quv yurtlariga kirish imtihonlariga tayyorlash maqsadida noyabr oyidan tegishli fanlar bo`yicha o`qitish boshlandi.  

Shuni ham alohida takidlash kerakki, loyihadan ko`zlangan asosiy maqsad tanlangan abiturientlarimizni faqatgina Oliy o`quv yurtlariga o`qishga kirishlariga erishish bilan cheklangan emas. Aksincha, ularni oliy ta`limga jalb qilish yoshlarimizni jamiyatda o`z o`rnilarini topishi, kuchli bilim va professional kasb egallashi, xalqimiz, vatanimiz ravnaqi yo`lida xizmat qilishlariga erishishlarida yordam beruvchi muhim bir omil, vosita deb hisoblayman.  

Shu bois, yoshlarimizni doimiy ruhlantirib borish, ularni motivasiyalarini oshirish,  o`z ustilarida ishlashlari hamda yangi bilim va ko`nikmalarni o`zlashtirishlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida hayotda muvaffaqiyatga erishgan hamshaharlarmiz, hamyurtlarimiz bilan uchrashuvlar tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz. Qolaversa, yosh abiturientlarimiz bilan talabalik davrlarida ham muloqotimiz to`xtab qolmaydi.  

Umid qilamanki, loyihamizni dastlabki ishtirokchilarining muvaffaqiyati kelgusi yillarda boshqa shahrimiz yoshlari uchun namuna, motivasiya manbai sifatida xizmat qiladi.

Albatta, loyihamizning dastlabki bosqichida xatolar bo`lishi, abiturientlarning o`qishga kirish ko`rsatkichi biz istagandek yuqori bo`lmasligi mumkin. Lekin biz uchun muhimi bu jarayonni boshlab olish. Ehtimol, keyingi yillarda homiylar soni ortib, loyihaning qamrov darajasi ham ortsa ajab emas. Bundan tashqari har bir talabalik baxti nasib etgan loyihamiz ishtirokchisi vaqtlar o`tib o`zi ham aynan shu kabi loyihalarni amalga oshirishga o`z xissasini qo`shishiga ishonaman", deya yangi loyihasi haqida ma`lum qilgan deputat. 
 

    Boshqa yangiliklar