Ayni daqiqalarda AOKAda «Oliy ta`lim muassasalarining global raqobatbardoshligini oshirish hamda masofaviy ta`limni joriy etish muammolari va istiqboldagi vazifalar» mavzusida matbuot anjumani o`tkazilmoqda.
Qayd etilishicha, 2020 yil 16 dekabr kuni Londonda Quacquarelli Symonds xalqaro agentligi tomonidan Rivojlanayotgan Evropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo`yicha 2021 yil uchun eng kuchli universitetlar reytingi e`lon qilindi.
️Ushbu reytingda mustaqil O`zbekiston tarixida ilk marotaba mamlakatimizning bir yo`la to`rtta oliy ta`lim muassasasi eng kuchli universitetlar qatoridan o`rin egalladi. Bular: Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalashtirish muhandislari instituti (251-300), Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti (351-400), Samarqand davlat universiteti (351-400) va Toshkent davlat texnika universiteti (351-400).
QS xalqaro reyting agentligi kuchli universitetlar reytingini tuzishda ularning akademik nufuzi (30%), ish beruvchilar o`rtasidagi nufuzi (20%), o`qituvchilar va talabalar miqdori mutanosibligi (10%), professor-o`qituvchilarning ilmiy faolligi (10%), ilmiy maqolalarning o`qilishi, ularga nisbatan berilgan iqtiboslar soni (5%), xorijiy o`qituvchi va xodimlar (2.5%) hamda talabalar (2.5%) ulushi va shu kabi boshqa muhim jihatlar asos qilib olinadi.
▫️Reytingni tuzishda dunyoning 102 ming nafardan ortiq olimlar, o`qituvchi va OTMlar rahbarlari, 52 ming nafardan ziyod ish beruvchi kompaniyalar vakillari, qolaversa, QS mutaxassislari ham ekspert sifatida ishtirok etgan.
Dunyoda ta`lim sifatini baholovchi ko`plab reyting tizimlari bo`lib, ulardan xalqaro miqyosda tan olinadigan Times Higher Education (THE), Quacquarelli Symonds (QS) va Academic Ranking of World Universities (ARWU) Shanxay reyting kompaniyalari o`zining nufuzi bilan dunyoga mashhur.
2018 yilda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi QS va Times Higher Education xalqaro reyting agentliklari bilan respublika OTMlarini xalqaro reytinglarga kirishga tayyorlash bo`yicha strategik shartnoma imzolagan.






