AsosiyJamiyat

IIVning transport vositalariga texnik xizmat ko`rsatish va ta`mirlash ishlarini tekshirish funksiyasi bekor qilinadi

'IIVning transport vositalariga texnik xizmat ko`rsatish va ta`mirlash ishlarini tekshirish funksiyasi bekor qilinadi'ning rasmi

O`zbekiston respublikasi prezidentining "Tadbirkorlik sohasida davlat nazoratining sifati va ko`lamini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi farmoni  normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari  muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Ma`lum qilinishicha, tahlillar davlat tomonidan nazorat qilishga qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan vazirlik va idoralarning zamon talablariga javob bermaydigan, o`ziga xos bo`lmagan va bir-birini takrorlovchi, tadbirkorlik sub`ektlari uchun ortiqcha ma`muriy yuk bo`layotgan nazorat qilish bilan bog`liq funksiyalari mavjudligini ko`rsatmoqda.

Shu sabab  tadbirkorlik sohasida davlat nazoratini tubdan takomillashtirish orqali ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida ushbu farmon qabul qilinmoqchi. 

Unga ko`ra, 2021 yil 1 martdan boshlab, Ichki ishlar vazirligining transport vositalariga texnik xizmat ko`rsatish stansiyalarida transport vositalariga texnik xizmat ko`rsatish va ta`mirlash ishlarini tekshirish bekor qilinadi. Eksperiment tariqasida 2022 yil 1 martga qadar soliq organlari tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining bankdagi hisobvaraqlariga inkasso topshiriqnomalarini qo`yish va operasiyalarni to`xtatib turish funksiyasi faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab Reestrga kiritilmagan nazorat funksiyalarni amalga oshirishga yo`l qo`yilmaydi hamda bunday funksiyalarni amalga oshirilishi yoki tegishli mansabdor shaxs tomonidan bajarilishi tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qilganlik va qonunga xilof ravishda aralashganlik sifatida malakalanadi.

2021 yil 1 maydan boshlab esa  tadbirkorlik sub`ektlarini tekshirishda ularning faqatgina oxirgi uch yillik davridagi faoliyati o`rganiladi, jinoyat ishi doirasida o`tkaziladigan tekshirishlar bundan mustasno.

Shuningdek, nazorat tadbirini amalga oshirishda nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining noqonuniy qarorlari yoki boshqa harakatlari natijasida tadbirkorlik sub`ektiga etkazilgan zararlar, shu jumladan boy berilgan foyda birinchi navbatda nazorat qiluvchi organning byudjetdan tashqari mablag`lari, bunday mablag`lar etarli bo`lmaganda esa davlat byudjeti hisobidan qoplanadi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi.

 Tartib o`rnatilsa, 2021 yil 1 iyundan boshlab tadbirkorlik sub`ekti sifatida ro`yxatdan o`tgan jismoniy shaxslar yuridik shaxs tashkil etmasdan barcha turdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishga ruxsat etiladi, bundan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan faoliyatlar mustasno.

 

    Boshqa yangiliklar