Joriy yilning 15 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda "Hayotini xavfga qo`yib videoga tushish moda bo`ldimi?" sarlavhasi ostidagi video lavha tarqalgan edi.
Video lavhada ob-havo sharoiti yomonlashib qor yog`ganligi, erlar muzlama bo`lganligiga qaramasdan "Malibu", "Spark" va "Lasetti" rusumli bir necha transport vositalari haydovchilari Toshkent shahar, Yunusobod tumani, A.Donish ko`chasi bo`ylab guruh-guruh bo`lib harakatlanganligi, "Spark" rusumli, 01 S 503 JB davlat raqam belgili avtomobil haydovchisi va "Lasetti" rusumli avtomobil yo`lovchisi transport vositasining yon oynasidan tana qismini chiqarib, o`zi va atrofdagi boshqa harakat ishtirokchilari salomatligini xavfga qo`yganligi holati aks etgan.
IIV YHXBB Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilib, fuqaro S.T.ga tegishli bo`lgan "Spark" rusumli, 01 S 503 JB davlat raqam belgili avtomobil haydovchisi, 2001 yilda tug`ilgan X.T. bilan profilaktik suhbat olib borilgan va belgilangan tartibda chora ko`rilgan. Video lavhada aks etgan boshqa qoidabuzar haydovchi va yo`lovchilar bo`yicha surishtiruv ishlari davom etayotgani ma`lum qilindi.






