Bosh vazir o`rinbosari Behzod Musaev “Toshkent yoshlar forumi –2020” tadbirining ochilish marosimida yoshlarni forum bilan tabriklab, o`z nutqida O`zbekiston koronavirusga qarshi olib-borilgan choralar xususida to`xtalib o`tdi:
Kasallik aniqlangan birinchi kundan boshlab davlat rahbari oldimizga aniq vazifalar qo`ydi. Birontamizga tinchlik bermadilar, bir kun ham dam bermadilar. Asosiy maqsad – xalqimiz sog`ayib ketsin.
Pandemiya davrida sog`liqni saqlash tizimiga shunchalik ko`p pul berildiki, qiyosiy ma`noda buni 30 yil davomida tizimga ajratilgan mablag`dan ham ko`proq bo`ldi, deb aytish mumkin.
Dunyoning istalgan nuqtasidan shu kasallikni davolash uchun kerak bo`lgan dorilar etkazib kelindi. Xorijdan mutaxassislar olib kelindi. Natijada, bugun O`zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar deyarli qolmadi.
Ma`lumot uchun, 17 dekabr holatiga ko`ra, O`zbekistonda koronavirus bilan kasallanish holatlari soni 75 675tani tashkil qilmoqda. Shundan 72 961 kishi sog`aygan, 600dan ortiq kishi vafot etgan. Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 2102 nafar bemor davolanmoqda, shundan 169 nafari og`ir, 33 nafari esa o`ta og`ir ahvolda.






