Bir necha kun avval bir guruh deputatlar Vazirlar Mahkamasining avtomobil chiroqlarini kunduzi yoqib yurishni majburiy etuvchi qaroriga o`zgartish kiritish bo`yicha taklif bildirib, Bosh vazir Abdulla Aripovga xat yuborishdi.
Ularning murojaati va takliflari hukumat tomonidan bee`tibor qoldirilmadi. Bu haqda deputat Doniyor G`aniev yozmoqda:
"Mendagi ma`lumotlarga ko`ra, Bosh Vazirimiz topshiriqlariga asosan 2019 yil 4-iyunda qabul qilingan "Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi 460-sonli qaror bekor qilinishi kutilmoqda. Shu bilan jamoatchilikni e`tiroziga sabab bo`lgan "faralar" masalasiga nuqta qo`yiladi, deb umid qilamiz.
Hukumat tomonidan jamoatchilik fikri, deputatlar murojaatiga befarq bo`lmay, qabul qilinayotgan qaror va hujjatlarda xalq manfaatlari inobatga olinayotganini olqishlaymiz. Zero bu biz qurishni istayotgan Yangi O`zbekiston, ya`ni qonun ustuvorligiga asoslangan, demokratik davlatning asosiy shartidir".






