AsosiyJamiyat

"Tashkent city" qurilishidan byudjet qanday naf ko`rdi? Shuncha mablag` yo`qotgan xalq nimaga erishdi?" Iqtisodchi berilmay kelayotgan savollarni olib chiqdi

'"Tashkent city" qurilishidan byudjet qanday naf ko`rdi? Shuncha mablag` yo`qotgan xalq nimaga erishdi?" Iqtisodchi berilmay kelayotgan savollarni olib chiqdi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, 2020 yil 17 dekabrdan boshlab "Tashkent city"ga kirish pullik bo`ldi. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu yangilik keng muhokama qilinmoqda, qator faollar tomonidan holat tanqid ostiga olinmoqda. Xususan, iqtisodchi Abduqahhor Iminoxunov, iqtisodchi ham bu haqda yozdi.

"Toshkent shahrining markazidagi bir qancha mahallalar buzib tashlandi. Odamlarni uylari, xususiy kafelar, to`yxona, do`kon, ofis kabilar qatorida "Dom Kino" ga o`xshagan bir qancha davlatga tegishli binolar ham buzib tashlandi.

Xususiy sektor kompensasiya olganligi haqiqat. Kimlardir shahar markazidan ko`chib ketganligi uchun yutqazdi, kimlardir xarob uyini o`rniga ko`p qavatli yangi uydan kvartiraga ega bo`lgani uchun yutdi. Lekin davlatga tegishli binolar buzib tashlangani uchun davlatga kompensasiya to`lanmadi.

Toshkent-Sitini qurish bilan band bo`lgan korxonalarga juda katta soliq va bojxona imtiyozlari berildi. Import qilingan qurilish materiallari, texnika va texnologiyalar bojxona bojlaridan ozod qilindi. Bu imtiyozlar natijasida davlat byudjeti bir necha yuz milliard so`mni, ehtimol, trillionlab mablag`larni yo`qotgani haqiqat.

Shuncha imtiyoz olgan xususiy korxonalar qurgan uylarini bozor narxidan arzonroq sotmadilar, aksincha, uylar o`rtachadan qimmatroq narxlarda sotildi.

Natija nima bo`ldi? Toshkent-Siti qurilishidan byudjet qanday naf ko`rdi? Davlat nimani yutdi? Xalq nimaga erishdi?  

Shu imtiyozlar berilmaganda, er umumbelgilangan tartibda auksionda sotilganda, poytaxtning eng markazidagi yuzlab gektar joyni sotishdan byudjetga qancha pul tushgan bo`lar edi?

Toshkent-Sitini qurgan qurilish kompaniyalari hamma qatori soliq va bojxona bojlarini to`laganlarida, ularga boshqalarga berilmagan individual soliq va bojxona imtiyozlari berilmaganda, davlat byudjetiga yana qancha trillion qo`shimcha mablag` tushgan bo`lar edi?

Shuncha mablag` yo`qotgan xalq bu yo`qotishlar evaziga nimaga ega bo`ldi? Nimaga erishdi?

Biz shu savollarni bermay kelayotgan edik. Arzimagan 10 ming so`mlik nohaq to`lov shu savollarni kun tartibiga qo`yilishiga sabab bo`ldi.

Shahar ko`chalaridan o`tish uchun to`lov undirishga qonun hujatlarida ruxsat berilganmi?

Qonun hujjatlarida Toshkent-Siti degan park bormi o`zi? Belgilangan tartibda soliq to`lovchi sifatida davlat ro`yxatidan o`tkazilganmi?

Aholidan to`lov undirish uchun qanday hujjat asos bo`ldi? U hujjatni kim imzolagan? Shunga vakolati bormi?

Toshkent-Sitini huquqiy maqomi qanday o`zi? To`liq xususiymi yoki davlat ulushi ham bormi?

Tushum kassaga to`liq kirim qilinyaptimi?  

DSQ buni nazoratga olganmi?

Shaharni ma`lum bir joyidan, umumiy foydalanishdagi yo`ldan, qurilishi bitmagan hududdan o`tganlik uchun haq undirishga qonunda ruxsat berilganmi?

Bironta savodli yurist masalaning huquqiy jihatlarini tushuntirib bera oladimi?

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi,  Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat soliq qo`mitasi,  Toshkent shahar hokimligidan munosabat bildirishlarini so`raymiz.

P.S. Hokim "Xalqim" deb murojaat qilganda sal noqulay eshitilgan edi, politkorrektnost degan tushunchalar bor, biz faqat prezident "Xalqim" deb murojaat qilishiga o`rganib qolgan ekanmiz. Keyin, Hokim "Bular hammasi millatimiz uchun" deb bir necha marotaba takrorlagan ekan. Qaysi millat nazarda tutilgan ekan, tushunmay qoldim. Konstitusiya bo`yicha bizda hamma millatlar teng-ku.  

Bizni xalqimizga, bizni millatimizga bu joylarga hattoki kirib  ko`rish ham pullik qilib qo`yildi.  

Hokim bizga noma`lum, faqat o`ziga ma`lum bo`lgan qaysidir bir xalqi, qaysidir bir millati uchun qurganmikin bu binolarni? Tushunarsiz.... ", deb yozib qoldirgan iqtisodchi. 

 

    Boshqa yangiliklar