Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov “Tashkent city”dagi Congress Hall'da bo`lib o`tayotgan «Toshkentning madaniy va turistik qiyofasi – 2030» mavzusidagi ochiq muloqotda ishtirokchilarning ko`plab savollariga javob berdi. Bu haqda xs.uz xabar bermoqda.
Xususan, "Saidakbarxon Akbarov 23 yoshida Turizmni rivojlantirish qo`mitasi raisi o`rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Bu tayinlov yoshlar uchun motivasiya bo`lgan edi. Uning bu lavozimdan ketishining sababi nimada?" savoliga ham oydinlik kiritdi.
"Bu yigitimiz ishga juda yaxshi kirishdi. Bu juda katta lavozim va katta mas`uliyat talab qiladi. Bunaqa lavozimda ishlagan odam butun vaqtini ishga bag`ishlashi kerak. U hali diplomga ega emasligi uchun o`zi bu lavozimdan ketishini aytdi. Diplom olishi kerakligini va o`zini biznesda sinamoqchi ekanini aytib, qo`yib yuborishimizni so`radi.
Tashkilot rahbarining o`rinbosari bo`lib ishlash uchun juda katta tajriba kerak. Saidakbar uchun bu tajriba bo`ldi. Biz unga qo`ldan kelgancha yordam berdik. Ammo uning o`zi bu lavozimdan ketishni so`radi".






