AsosiyJamiyat

Sudyalar Oliy kengashi Oltiariqdagi voqea yuzasidan rasmiy bayonot berdi

'Sudyalar Oliy kengashi Oltiariqdagi voqea yuzasidan rasmiy bayonot berdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda jinoyat ishlari bo`yicha Oltiariq tumani sudida ko`rilayotgan jinoyat ishi bo`yicha "reportaj" e`lon qilindi. Mazkur voqea yuzasidan Sudyalar Oliy kengashi rasmiy bayonot berdi. Bu haqda saytimizga Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar qildi...

O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi "Oltiariqlik ona chidab turolmadi, sudyani qarg`ab tashladi" nomi ostida e`lon qilingan mazkur mediamahsulotni sudga nisbatan bosim, sudyaning sha`ni, qadr-qimmati va daxlsizligiga qilingan tajovuz, deb hisoblaydi.

Sudga nisbatan har qanday ko`rinishda ta`sir o`tkazish qonun bilan ta`qiqlangan. Hali sud majlisi yakuniga etmay uning natijasini oldindan bashorat qilish xususida ham gap shu. Ijtimoiy tarmoqda e`lon qilingan "reportaj"da  hali yakuniga etmagan sud majlisi haqida so`z yuritilar ekan, "suddan adolat talabi" bot-bot takrorlanadi. Holbuki, sudyaning qanday xatti-harakati tomonlarda shubha uyg`otayotgani, qanday aniq sabablarga ko`ra, norozi bo`linayotgani haqida aniq gap yo`q. Mabodo, shunday holat ro`y bergan taqdirda e`tiroz bildirishning qonuniy tartiblari bor. Unga rioya etish  shart. 

Tasavvurga sig`mas yana bir holat shuki, bloger tomonidan jabrlanuvchi tomonga "sudda korrupsiya bo`lmayatimi?" mazmunida yo`natiltiruvchi savol beriladi va bunga "ha, korrupsiya bo`lyapti, eshityapmiz", mazmunida javob oladi. Bunaqa intervyular jamoatchilikda noto`g`ri tasavvur shakllanishiga, sudning xolisligiga asossiz shubha tug`dirish barobarida sudyaga nisbatan bosim paydo qilishi ehtimoli katta. Blogerlarning bunday xatti-harakatlari huquqiy savodsizlikdan tashqari, jamiyatimizda tobora shakllanib borayotgan so`z erkinligini suiiste`mol qilishdan boshqa narsa emas. Bu esa huquqiy ta`sir choralari qo`llanishiga sabab bo`lishi mumkin. 

Sudyalar Oliy kengashi matbuot xizmati alohida ta`kidlaydiki, ochiq sud majlislarida jurnalist yoki blogerlarning ishtirok etishiga hech qanday monelik yo`q. Jarayonni video tasvirga olishga ruxsat etish-etmaslik masalasini (tomonlarning fikrini inobatga olgan holda) sudga raislik etuvchimustaqil hal qiladi. Qonun talabi shunday.

Ayni paytda sudda yosh yigitning (21 yosh) o`limi bilan yakun topgan janjalga oid jinoyat ishi ko`rib chiqilmoqda. Ish bo`yicha to`rt nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3 qismi "d" bandi (jabrlanuvchining o`lishiga sabab bo`ladigan darajada qasddan badanga og`ir shikast etkazish) va 127-modda 3-qismi (voyaga etmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etish) ayb e`lon qilingan bo`lib, ularning barchasiga "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Ko`rinadiki, jinoyat ishi o`ta jiddiy va nozik. Bunday holatda axborot vositalari orqali oldindan turli asossiz farazlar bildirilishi sudning daxlsizligiga ta`sir etuvchi salbiy omildan biridir. 

Amaldagi qonunlarga hurmat va itoatkorlik barcha uchun bir xil talab hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar