18 dekabr kuni Toshkentda boshlangan Yoshlar forumida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxonov milliy qonunchilikda noqonuniy boylik orttirish va sovg`a masalalari hali to`liq tartibga solinmaganiga e`tibor qaratdi.
"Yaqinda singapurliklar bilan uchrashuv qildik. Ularning aytishicha, Singapurda 1 dollarlik pora uchun 3 oy tekshiruv olib borilgan. Bizda esa 1 dollar pora hisoblanmaydi. Lekin biz ham poraning katta-kichigiga bir xil qarashimiz kerak.
Agar hozir shunday kichik miqdordagi pora haqida e`lon qilsak, «mayda ishlar bilan shug`ullanishyapti», deyishadi. Biroq pora summasiga teng qaralishi va bu qayta ko`rib chiqilishi kerak.
Bizga aytishlaricha, Singapurda poezd [asosli sababsiz] yarim soatga kech qolsa, vazir avtomatik tarzda ishdan ketadi. O`zbekistonda ham shunday tizim yaratish ustida ishlayapmiz. Shuningdek, korrupsion jinoyat tushunchasini kengaytirishimiz lozim", — degan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori A. Burxonov.






