AsosiyJamiyat

Eri pampers edirgan va etimligi aytilgan samarqandlik ayolning "paydo bo`lgan" otasi qizini tuhmatchilikda ayblamoqda

'Eri pampers edirgan va etimligi aytilgan samarqandlik ayolning "paydo bo`lgan" otasi qizini tuhmatchilikda ayblamoqda'ning rasmi

Samarqandda xotinini muttasil kaltaklab kelgan va unga majburlab pampers edirgan erkak Sh.K.ga sud hukmi o`qilib, u 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar bergandik.

 Uning advokati Araksi Akupovna 20 dekabr kuni videomurojaat bilan chiqib, Mustahkam aslida etim emasligini ma`lum qildi.

Advokatning so`zlariga ko`ra, ayol juda katta yolg`on ishlatgan. U Aqidahonimga aybi etimligi va aynan shu sababi eri uni doim kamsitib, muttasil kaltaklab kelishini aytgan. Biroq advokat uning etim emasligiga doir hujjatlar to`plaganini ta`kidladi. Hujjatlarga asosan, uning Sh.B.Nabiev ismli otasi bo`lib, onasi bilan ajrashgan bo`lsa ham doimo qizini ta`minlab kelgan.

Ma`lum qilinishicha, uning otasi Nabiev qizi Mustahkam 2 yoshga to`lgan vaqtda onasi bilan sud orqali qonuniy ajrashgan. Shuningdek, uning otasi tomondan 5 ta aka-ukasi, 3 ta amakisi va ammasi bor. Onasi tomondan esa 10 nafar o`gay aka-singlisi va 2 ta tog`a, 2 ta xolasi bo`lib, xolalaridan biri Amerikada yashaydi.

«Hayratlanarli, nahotki ushbu etimning shuncha qarindoshi bo`la turib birortasi uni qo`llab-quvvatlash uchun sud jarayoniga kelmadi», — deydi advokat.

Shuningdek, advokat Mustahkam nima sababdan kaltaklanganiga ham izoh bergan:

«Mening mijozim faqatgina mana shu yolg`onlarni isbotlamoqchi edi. To`g`ri, hatti-harakatlari qonunga zid, buni inkor etmaymiz. Kaltaklagani sababiga kelsak, buning sababini ham ma`lum qilaman. 2020 yil 20 avgust kuni Mustahkam eriga aytmasdan o`gay akasining to`yiga ketadi va kechasi uyga qaytmaydi. Bunday vaziyatda erkaklar qanday g`azablanishi barchaga ayon. Albatta, u bunday qilishi kerak emasdi».

Advokat Mustahkamning otasi yozgan quyidagi arizani keltirib o`tgan:

«U qizlik davrida bir necha marotaba dorilar ichib o`ziga jabr qilmoqchi edi, shu yo`l bilan meni qo`rqitardi. Qizim 17 yoshdaligida turmushga uzatgan edim. Qizim hayotidan xursand edi. U 2013 yilda onasi B.N. bilan pul sababli janjallashib, onasining uyida ko`p miqdorda dori ichib o`zini o`ldirmoqchi bo`lgan. Ammo u bugungi kunda kuyovimga nohaq ayblovlar qo`yyapti. Buni ko`rib vijdonim qiynalyapti. Sababi kuyovim bu tuxmatlarga loyiq emas. Men uni yaxshi bilaman, unga nisbatan qo`yilgan ayblovlar hammasi noto`g`ri. Kuyovim bunday xatti-harakatlari qilishiga men ishonmayman».

    Boshqa yangiliklar