Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) Buyuk Britaniyadan koronavirusning yanada xavfli mutasiyasi paydo bo`lishining sababini ochib berdi va vahimaga tushmaslikka chaqirdi. Bu haqda Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Pandemiya va epidemiya departamenti direktori Silvi Brian ma`lum qildi, deb yozmoqda lenta.ru.
Virusning o`zgartirilishi ehtimoli yuqish darajasi ortishi bilan ortadi, dedi u. Bundan tashqari, koronavirus hayvonlardan kelib chiqqanligi sababli, mutasiyalar paytida u asta-sekin inson tanasiga moslashadi, deb ta`kidladi mutaxassis. "Shuning uchun har bir aniqlangan mutasiya uchun uning qanday yangi xususiyatlarga ega bo`lishini, katta o`zgarishlar ro`y beradimi yoki bu oddiy evolyusiyami, aniqlash kerak", deb tushuntirdi JSST departamenti direktori.
Hozirgi kunda JSST SARS-CoV-2 mutasiyasining o`limga ta`sirini qayd etmayapti. Tashkilot, shuningdek, yangi shtamm vaksinalarning samaradorligiga ta`sir qilishiga shubha qilmoqda.
Brian Buyuk Britaniyada joriy qilingan choralarni to`g`ri deb atadi. U ommaviy emlashlar boshlanishidan oldin cheklovlar yangi mutasiyaning tarqalishini sekinlashtiradi deb umid qildi. Shunga qaramay, vaziyat noaniq bo`lib qolmoqda va ehtimol mamlakatlar qo`shimcha ehtiyot choralarini ko`rishlari kerak.
Oldinroq Gollandiya, Daniya, Avstraliya va Italiyada, undan ilgari Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi topilgan edi. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, koronavirusning yangi turi allaqachon ma`lum bo`lganidan tezroq tarqalmoqda, ammo uning katta xavfi haqida gapirishning iloji yo`q. Bundan tashqari, virus mutasiyasining vaksinaga turlicha ta`sir ko`rsatishi haqida hech qanday dalil yo`q.
Mavzuga doir:
Britaniyalik olim koronavirusning yangi turini bolalar uchun xavfli deb e`lon qildi
Eslatib o`tamiz, Evropada tarqalayotgan koronavirusning yangi turidan himoyalanish maqsadida Maxsus komissiya qaroriga ko`ra, 25 dekabrdan boshlab O`zbekistonga kirib kelayotganlardan ekspress test olinadi. Shuningdek, O`zbekiston 8 ta davlatga xalqaro aviareyslarni to`xtatdi.






