AsosiyJamiyat

Samarqandda bir hokim o`rinbosariga "hayfsan" berildi, biri esa ishdan olindi. Sababi...

'Samarqandda bir hokim o`rinbosariga "hayfsan" berildi, biri esa ishdan olindi. Sababi...'ning rasmi

Viloyat hokimligida shahar va tumanalarda qurilgan uy-joylarning uy egalariga topshirilishi holati, og`ir turmush sharoitidagi xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash hamda ular bandligini ta`minlash borasida olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.  

Tasdiqlangan dasturga asosan joriy yilda “Qishloq qurilish invest” hamda “O`zshaharqurilish invest” korxonalari tomonidan viloyat bo`yicha jami 2414 xonadonli ko`p qavatli uy-joylar qurilishi belgilangan. Viloyat hokimligi ishchi guruhi ushbu uy joylarni foydalanishga topshirish holatini o`rganganida joylarda qurilish me`yorlari va sifat talablarining buzilishi, uylarning foydalanishga qabul qilish dalolatnomalari rasmiylashtirilmaganligi aniqlangan.  Jumladan Samarqand shahridagi 3 ta 5 qavatli (90 xonadonli) turar joy qurilish ishlari yakunlanmagan. Oqova suv chiqish yo`li mavjud emas, uylar tabiiy gaz tarmog`iga ulanmagan. Jomboy tumanida esa uylarning qurilishida me`yordan ortiq miqdorda siniq g`ishtlardan foydalanilgan. Past Darg`om tumanida uylarning tashqi elektr ta`minoti  bo`yicha loyihalar mavjud emas, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini barpo etishda qurilish meyorlariga amal qilinmagan. Quvurlar oddiy simlar, armatura va quvur bo`laklari bilan mustahkamlangan.  

Narpay tumanida ko`p qavatli uylarga kirish eshiklari sifatsiz tarzda o`rnatilgan, ichimlik suv tarmog`iga ulanmagan, ayrim xonadonlarda pol qoplamalari allaqachon qo`porilgan.  

Qo`shrabotda esa qurilish montaj ishlari ko`ngildagidek olib borilmagan. Isitish tizimi ham nomiga o`rnatilgan.  

Viloyat hokimi va soha mutasaddilari ishtirokida har bir holat atroflicha muhokama etilib, mas`ullar qat`iy ogohlantirildi. Jomboy tuman hokimining sohaga mas`ul o`rinbosari “hayfsan” intizomiy chorasi bilan jazolandi hamda Bulung`ur tuman hokimining qurilish sohasiga mas`ul o`rinbosari egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

    Boshqa yangiliklar