Deputat Rasul Kusherbaev bu safar mulk huquqi, qonun va sudlar haqida ozgina fikr yuritdi.
"Mulk huquqining daxlsizligini ta`minlashga Konstitusiya va qonunlar to`liq kafolat bergan. Biroq qonun kafolat bergani bilan mas`ullarga uni qo`llash uchun «jur`at va insof» bermasa qiyin ekan. Masalan Toshkent shahri, Uchtepa tumanidan tadbirkor A.Maxkamovning murojaatini o`rganish davomida bunga yana bir bor amin bo`ldim.
Qizig`i shundaki, tadbirkor qandaydir hokim emas balki naqd Hukumat, ya`ni Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 7 sentyabrdagi 420-sonli «O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga asosan sotuvga qo`yilgan «Genetika va o`simliklar eksperimental biologiyasi institutining Sun`iy iqlim yaratish laboratoriyasi korpusi»ni qonun hujjatlariga muvofiq 2006 yilda sotib olib xususiylashtirgan. Ungacha binoga ikki yil davomida haridor topilmagan.
So`ng binoni ta`mirlab, Xitoy xalq respublikasidan zamonaviy asbob-uskunalar keltirib chinni buyumlar ishlab chiqarish faoliyatini yo`lga qo`ygan va shu orqali 40 ga yaqin ishchi o`rinlari yaratishga muvaffaq bo`lgan.
Ammo ishlar zo`r ketayotganini ko`rgan ba`zi «birov»larning ishtaxasi ochilib, joyni «reyderlik yo`li bilan tortib olishga o`tadi». Va oradan 11 yil o`tgan bo`lsa ham «mulkni tortib olish operasiyasi» doirasida 2017 yilning 1 avgustida kutilmaganda Davlat raqobat qo`mitasi binoning oldi-sotdisi bilan bog`liq barcha hujjatlarni haqiqiy emas, deb topish haqida Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudiga da`vo arizasi kiritadi. Arizaga asos sifatida Favqulodda vaziyatlar vazirligi laboratoriya korpusining erto`la qismidagi ikkita xonada go`yoki nurlanish mavjudligini aniqlagan.
O`z o`rnida sud tadbirkorning vijdonli sotib oluvchi fuqaro sifatidagi ustun huquqlarini inobatga olmay da`voni qanoatlantirib, tadbirkordan bino tortib olingan. Barcha instansiya sudlari tadbirkorning ariza va shikoyatlarini rad etib kelgan.
Hayron qolarlisi fuqaro hukumat qarori asosida sotilgan mulkka egalik qilgan. Hukumat shunchaki o`ynab qaror qabul qiladimi? Oradan 11 yil o`tib uyg`ongan Favqulodda vaziyatlar vazirligining hukumat qaror qabul qilayotganda ko`zi qayoqda edi?
Qizig`i sud agarda Hukumat qarori noto`g`ri qabul qilingan deb topgan taqdirda, buning natijasida tadbirkorga etkazilgan zararni hukumatdan qoplatib, o`sha vaqtda noto`g`ri qaror qabul qilgan hukumat rahbari va boshqa aybdorlarga chora ko`rish masalasiga nega huquqiy baxo bermagan?
Kulgilisi tadbirkorga tegishli binoning erto`la qismidagi ikkita xonada Favqulodda vaziyatlar vazirligi nurlanish mavjudligini aniqlagan va shu sabab bilan bino tortib olingandi. Biroq bino tortib olingach, nurlanish unutilib, bino boshqa tadbirkorlarga foydalanishga berib yuborilgan. Bunaqa bezbetlikka qoyil qolmay iloj yo`q.
Ma`lumot o`rnida «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to`g`risida»gi Qonunning 24-moddasida «Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Xususiylashtirish natijalari qayta ko`rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi» deb belgilab qo`yilgan.
Shuningdek, Prezidentning 2017 yil 16 iyundagi «Davlat mulki ob`ektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ 3067-sonli Qarori 2-bandida «Xususiylashtirilmaydigan, strategik davlat mulki ob`ektlarining yagona ro`yxati» 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan bo`lib, unda fuqaro A.Maxkamov tomonidan sotib olingan «Genetika va o`simliklar eksperimental biologiyasi institutining Sun`iy iqlim yaratish laboratoriyasi korpusi» kiritilmagan.
Xullas bu ishlardan aniq «bir narsa»ning hidi kelib turibdi.
Eh qonunlar, qonunlar...
Mazkur masalada Bosh prokuror, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Prezident huzuridagi Biznes Ombudsmanga murojaat kiritdik. Umid qilamizki, qonunlar o`z maqsadi yo`lida to`g`ri qo`llanilib, hech bir «zakaz»larsiz tadbirkor qonuniy mulkiga qayta egalik qiladi.
Yashasin qonunlari ustuvor davlat, yo`qolsin «zakaz»lar bilan ishlaydigan jamiyat!", deya yozib qoldirgan Kusherbaev.






