Poytaxtimizda “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasining 24 yilligi munosabati bilan “Boeing” korporasiyasi hamkorligida tashkil etilgan Samolyotlarning kompozit materiallarini ta`mirlash markazi ochildi.
Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi xizmatlari, “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasi, “Boeing” korporasiyasi vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
“O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasining 24 yilligiga “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasida Samolyotlarning kompozit materiallarini ta`mirlash markazi ishga tushirildi. Milliy aviakompaniyamiz va xorijiy kompaniyalar samolyotlariga barcha turdagi texnik xizmatlar ko`rsatish uchun zamonaviy texnik baza va malakali xodimlarga ega ushbu korxona tomonidan taqdim etilayotgan barcha xizmatlar xalqaro sertifikatlar bilan tasdiqlangan.
Shuni ta`kidlash kerakki, aviakorxona mutaxassislari Airbus A320 va Boeing-757/767 samolyotlari planerining kompozitdan tayyorlangan ehtiyot qismlariga xizmat ko`rsatish tajribasiga ega. Ushbu markazning ishga tushirilishi Havo kuchlari kemalariga texnik xizmat ko`rsatish bo`yicha milliy provayderni yanada rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab beradi. Milliy aviakompaniyamiz va «Boeing» korporasiyasining ushbu qo`shma loyihasi taraqqiyot va zamonaviy texnologiyalarni o`zlashtirishga intilayotgan O`zbekiston fuqaro aviasiyasi zamon bilan hamnafas borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
«Boeing» korporasiyasi ushbu markazni tashkil etishga yarim million dollar miqdorida beg`araz sarmoya kiritdi. Korxonaga ushbu mablag`lar hisobidan titan qotishmalariga ishlov berish va samolyot tumshug`ini ta`mirlash uchun inert muhitli pechlar, barcha turdagi havo kemalarining kompozit ehtiyot qismlarini ta`mirlash imkonini beradigan uskunalar etkazib berildi.
Markazning samarali faoliyat yuritishini ta`minlash maqsadida malakali kadrlar jalb etildi. Ular «Boeing» rusumidagi samolyotlarning kompozit ehtiyot qismlarini ta`mirlash bo`yicha ta`lim olgan, mexaniklar Singapurda Basic Composites Repair and Metal Bond kursi bo`yicha nazariy va amaliy tayyorgarlikdan, muhandislar esa Sietlda nazariy tayyorgarlikdan o`tgan. Shuningdek, joriy yilda «Uzbekistan Airways Technics» mutaxassislarini Boeing-787 Dreamliner laynerlarining kompozitdan tayyorlangan ehtiyot qismlarini ta`mirlash bo`yicha o`qitish rejalashtirilgan.





