Ayni paytda Xalqaro press-klubning "Pandemiyaga qarshi kurashda milliy tajriba" mavzusiga bag`ishlangan navbatdagi sessiyasi bo`lib o`tmoqda.
Unda SSV bosh epidemiologi Nurmat Otabekov koronavirus kasalligi manbalarini jilovlash chora-tadbirlari haqida so`z yuritdi.
«Qizil, sariq, yashil rangni faqat svetofor tufayli juda tez farqlaydigan bo`lganmiz. Qizil — olov ramzi, xavf belgisi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Avstriya, Avstraliya, Janubiy Afrika davlatlari «qizil» rangga kiryapti. Demak, bu xavf degani. Maxsus komissiya qarori bilan hozir 8 ta mamlakat bilan aviaqatnovlar to`xtatildi.
Tarixga nazar tashlaylik. Kasallik bizga chetdan kirib keldi. Ilk bor aniqlangan bemor ham chet eldan kelgan edi. Epidemiologiyaning oltin qoidasi — kasallik manbaini jilovlash. Kasallik manbaini jilovlasak, epidemiologik zanjirni uza olamiz. Asosiy maqsadimiz ham shu.
O`zbekiston xorijdagi fuqarolari va talabalarini uyushgan holda olib keldi. Biz kasallik manbalarini bitta joyga jamladik, keyin jilovlash ishlari bilan shug`ullandik. Mana shu ishlarning samarasi o`laroq hozir biz barqaror vaziyatga kelib turibmiz», dedi mutaxassis.






