Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi mamlakatda so`z va fikr erkinligini ta`minlash yo`lidagi eng dolzarb masalalardan biri — sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish, huquqiy hujjatlarni zamon talablariga moslashtirish borasidagi ishlarni davom ettirmoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi ma`lum qildi.
2020 yil 23 dekabr kuni “Butunjahon Internet tarmog`ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Vazirlar Mahkamasi qaroriga qator qo`shimchalar kiritildi. Bu esa axborot sohasidagi mavjud bir qator munosabatlarni tartibga solishi bilan ahamiyatlidir.
Jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo`ladigan qonun hujjatlarini buzilishi holatlarida vakolatli organ ushbu veb-resurslardan foydalanishni cheklashi mumkin. Biroq veb-sayt egasi yoki blogerlar o`z sahifalariga joylashtirgan axborotga yozilayotgan sharhlarda qonunbuzilish holati yuz bergani to`g`risida, dastlab ushbu qonunga zid sharhlarni o`chirib tashlash bo`yicha axborot egasi yoki blogerga tegishli xabarnoma berish zarurligi inobatga olinmagan edi.
Qonunchilikdagi ushbu bo`shliqni to`ldirish maqsadida Agentlik qator ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlarning fikr-mulohazalarini, takliflarini eshitdi, ochiq muloqot hamda muhokamalar tashkil etdi. Natijada foydalanuvchilar tomonidan bildirilayotgan sharhlar soni ko`payib borayotganligi sababli qonunga zid yozilgan sharhlarni muntazam aniqlab borish hamda o`chirish imkoniyati mavjud emasligi, bu jarayon esa ko`p vaqt talab etishi ma`lum bo`ldi.
Endilikda, AOKA tomonidan internet tarmog`ining o`zbek segmentida qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikni keltirib chiqaruvchi axborotlar, sharhlar muntazam aniqlab boriladi va ularni 24 soat ichida bartaraf etish bo`yicha veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek blogerga elektron xabarnomalar yuboriladi.
Veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek bloger xabarnoma olingan vaqtdan boshlab, 24 soat ichida O`zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlamasa, Agentlik qonunga zid axborotni olib tashlash bo`yicha sudga da`vo ariza kiritishi mumkin bo`ladi.
Mazkur hujjatning qabul qilinishi OAV hamda blogerlarning internet tarmog`ida sifatli va xolis faoliyat ko`rsatishiga ko`maklashadi. Chunki jurnalist va blogerlar obunachilar qoldirgan qonunga zid sharhlar haqida xabardor etilishi yuzaga kelishi mumkin bo`lgan ko`plab tushunmovchiliklar, nohaq javobgarlikka tortilishning oldini oladi.
26.12.2020 06:44
Veb-sayt egalari va blogerlarga qonunga zid axborot bo`yicha xabarnoma yuborish tartibi joriy qilindi






