Bu savolga DXA axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova javob berdi: Oila kodeksining 226-moddasiga asosan familiya, ism va ota ismini o`zgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi o`n olti yoshga to`lgandan keyin u yashab turgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan ko`rib chiqiladi.
Familiya, ism va ota ismini o`zgartirish to`g`risidagi xulosa ichki ishlar organlari tomonidan ushbu shaxs tegishlicha tekshiruvdan o`tkazilgandan keyingina tuzilishi mumkin.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining familiya, ism va ota ismini o`zgartirishni rad etganligi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
«Davlat boji to`g`risida»gi Qonunga asosan 18 yoshgacha familiya, ism va ota ismini o`zgartirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida, 18 yoshdan yuqorisiga — 100 foizi miqdorida davlat boji va BHMning 15 foizi miqdorida har bir gerbli guvohnoma uchun gerb yig`imi undiriladi.






