O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligida 2020 yil davomida tibbiyot xodimlariga Prezidentimizning tegishli Farmonlari bilan berilgan davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Yoshlar, fan, ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo`yicha maslahatchisining birinchi o`rinbosari Laziz To`ychiev, O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibaev hamda soha mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi.
Marosimda ta`kidlanganidek, yakunlanayotgan 2020 yil koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan pandemiya sharoiti tufayli butun insoniyat, xususan, xalqimiz uchun og`ir, sinovli yil bo`ldi. Ayniqsa, aholi salomatligini ta`minlashga mas`ul bo`lgan sog`liqni saqlash tizimi xodimlari, shifokor va hamshiralarimiz, sanitariya vakillari fidoyillik, kasbi va qasamyodiga sadoqat ko`rsatishi, mashaqqatli mehnat qilishi talab qilindi. Yurtimizdagi barcha tibbiyot xodimlari ushbu chorlovga labbay deb javob berib, hech ikkilanmasdan o`z hayoti, jonidan kechib, yaqinlari, oila-a`zolari hayotini tahlikaga qo`yib virusga qarshi mardonavor kurashga, xalq dardiga malham bo`lishga chog`lanishdi.
Ushbu og`ir davrlarda o`z fidoyiligi, mashaqqatli mehnat bilan namuna ko`rsatgan turli soha xodimlari munosib rag`batlantirildi. Ular orasida tibbiyot xodimlar eng salmoqli o`rin egallagani qayd etildi.
— Har qanday mukofot – bu avvalo, el-yurt, Vatan e`tirofi, xalq ishonchidir, — deydi Sog`liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibaev. — Men bugun mukofotlanganlarning har birini yana bir bor muborakbod etib, ularga Prezidentimiz, xalq ishonch bildirganini ta`kidlab o`tmoqchiman. So`nggi to`rt yil ichida sog`liqni saqlash tizimiga e`tibor va g`amxo`rlik yuqori darajaga etdi. Biz ushbu mukofotlarni, avvalo, Prezidentimizning ilm-fan, sog`liqni saqlash sohalarida olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlarni yangi bosqichga ko`tarish yo`lida o`zini ayamasdan mehnat qilayotgan, shifokor degan yuksak nomga har tomonlama munosib bo`lgan fidoiy insonlarning mashaqqatli va mas`uliyatli mehnatiga doimiy e`tibor va g`amxo`rligining yana bir amaliy ifodasi sifatida qabul qilamiz.
Ma`lumot uchun joriy yil O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 23 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko`rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to`g`risida”gi Farmoni hamda 2020 yil 27 avgustdagi “O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to`qqiz yilligi munosabati bilan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko`rsatgan tibbiyot sohasi xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to`g`risida”gi Farmoni bilan 357 nafar fidoyi fuqarolarimiz taqdirlandi.
Ular orasida 269 nafari Sog`liqni saqlash vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan tibbiyot sohasi mutaxassislaridir. Jumladan, mukofotlanganlar orasida 200 nafari shifokor, 69 nafari esa o`rta va kichik tibbiyot xodimlari hisoblanadi.
Shuningdek, tadbirda o`tib borayotgan yil nafaqat tibbiyot xodimlari uchun og`ir kechgani, shu bilan birga, rivojlanish, islohot va o`zgarishlar yili bo`lgani haqida so`z bordi. Ushbu davrda paralell ravishda tibbiyot sohasi islohotlari, zamonaviy tibbiy inshootlarni bunyod etish ishlari ham izchil davom ettirildi. Jumladan, shu yilning o`zida 200 ga yaqin tibbiyot muassasasi bunyod etildi.
Ular orasida poytaxtimizda qad rostlagan qiymati 130 million dollardan ziyod bo`lgan Bolalar milliy tibbiyot markazi, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda Chilonzor tumanida qurilgan Ikkinchi perinatal markazi kabi zamonaviy tibbiyot muassasalariga alohida urg`u berildi.
Tadbir so`nggida Prezidentimiz Farmoniga ko`ra berilgan Davlat mukofotlari o`z egalariga topshirildi.






