SSV bergan ma`lumotlarga qaraganda, o`tgan yili “103” xizmatiga surunkali kasalliklari bo`lgan bemorlardan 573 mingdan ortiq murojaatlar tushgan bo`lsa, bu yilning 11 oyi davomida 832 ming nafarga yaqin shu toifadagi chaqiriqlarga xizmat ko`rsatilgan.
Kundalik hayotimizda u yoki bu surunkali kasalligi bor bemorlar goh qon bosimini o`lchatish, gohida esa qaysidir ukolni qildirish uchun ham “tez yordam”ni chaqirish holatlarini ko`p uchratamiz.
Aslida, surunkali kasalliklari bo`lgan bemorlar o`zlari yashab turgan hududlaridagi oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punktiga murojaat etib, shifokor tavsiyasi asosida muolajalarni uzluksiz tarzda to`g`ri olib borsa, avvalo, o`z sog`lig`i uchun foydali bo`ladi.
Chunki tez tibbiy yordam xodimlarining qo`lida poliklinikada bor bo`lgan laborator tahlillar va instrumental jihozlar mavjud bo`lmagani uchun ular chaqiriq davomida chuqur tahlil o`tkazishi va davolashi imkonsiz.
Shu sababli ular bemorni davolamaydi, balki yuzaga kelgan holat bo`yicha shoshilinch va tez tibbiy yordam ko`rsatadi, ya`ni faqat simptomatik davo choralarini ko`radi.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo`lsak, 2019 yilda “103” xizmatiga tushgan murojaatlarning 95 mingdan ziyodi, 2020 yilda 133 mingga yaqini tez yordam xodimlari tomonidan natijasiz chaqiriqlar, deb baholangan.
Bu “103” xizmati xodimlari kelguniga qadar o`lim holati sodir bo`lgani yoki bemor “tez yordam” kelishini kutmay yo`lovchi transportda olib ketilgani, yolg`on chaqiriq, manzil topilmagani, tez tibbiy yordam rad etilgan kabi qator vaziyatlar bilan bog`liqdir.
Yana bir holat. Yurtimiz bo`yicha yiliga chaqiriqlarning o`rtacha 15 foizi gospitalizasiya, ya`ni bemor shifoxonaga olib borilishi, 85 foiz holatda esa joyida xizmat ko`rsatilishi ham “tez yordam” chaqiradiganlarning aksariyati aslida “103” yordamiga muhtoj emasligini anglatadi. Agar xalqaro tajribaga nazar solsak, masalan, Evropa mamlakatlaridagi chaqiriqlarning aksariyat qismida bemor gospitalizasiya qilinadi.
Afsuski, “103” xizmatiga yolg`on qo`ng`iroqlar kelishi hamon davom etmoqda. Eng achinarlisi, bunday vaziyat oddiy chaqiriqdan ko`ra ko`proq vaqt va mehnat talab qiladi. Ustiga ustak, shifokor ham, tibbiy yordam mashinasi ham uzoq vaqt band bo`lib qoladi.
Chunki tez tibbiy yordam xodimlari qilingan murojaatni haqiqatan ham yolg`on ekanligini isbotlash maqsadida chaqiriqda ko`rsatilgan manzilni aniqlashi, bu uchun esa kunning qaysi vaqti bo`lishidan qat`iy nazar so`rab-surishtirishi, o`rganishi va shundan so`nggina uni hujjatlashtirishi kerak bo`ladi.
Bu esa nafaqat “tez yordam” xodimlarining vaqtini oladi, balki qator “103” ko`magiga muhtoj bemorlarning kutib qolishiga, hatto ularning hayotini saqlab qolishni qiyinlashtirishga ham sabab bo`lishi mumkin", deyiladi Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabarida.






