AsosiyJamiyat

“Tez yordam” nega ba`zi hollarda kechikishi mumkin?

'“Tez yordam” nega ba`zi hollarda kechikishi mumkin?'ning rasmi

Shoshilinch tibbiy yordamning tezkorligi, sifat va samaradorligini oshirishga yo`naltirilgan ishlar o`z samarasini bermoqda. Biroq, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarga qaramay, sohada hali qator o`ylantiradigan masalalar ham yo`q emas. Masalan, ba`zi hollarda chaqiriq joyiga “tez yordam”ning kechikib borishi ana shunday masalalardan biridir.

Jumladan, joriy yilning 11 oyi davomida umumiy murojaatlarning 2,3 foiz holatlarda chaqiriqqa kechikib kelish holatlari yuz bergan. To`g`ri, bu foiz  o`tgan yillardagi bu boradagi ko`rsatkichlarda ancha past. Ammo shu o`rinda, xo`sh, “103” xizmati xodimlar va ixtisoslashgan avtotransport vositalari bilan to`liq ta`minlangan bo`lsa, unda nega ba`zi hollarda  tez yordam kechikadi,  degan haqli savol tug`ilishi tabiiy.  

Mutaxassislarning fikricha, bunga bir tomondan murojaatlar soni ko`pligi bo`lsa, ikkinchi tomondan aksariyat holatlarda yo`llarda “tez yordam” mashinasiga yo`l berilmaslik, asossiz va yolg`on chaqiriqlar bilan bog`liq  holatlar sabab bo`lmoqda. Birgina joriy yilning 11 oyi davomida ushbu xizmatga 94 mingdan oshiq shoshilinch bo`lmagan holatlardagi murojaatlar, 133 mingga yaqin natijasiz chaqiriqlar hamda surunkali kasalliklari bo`lgan bemorlardan 832 mingga yaqin qo`ng`iroqlar kelib tushgan.

Taraqqiy etgan xorijiy davlatlarda yo`llarda “tez yordam” mashinalari uchun alohida yo`laklar barpo etilgan. Bu yo`llar doimo ochiq turadi. Shu bilan birga, “tez yordam”ga yo`l bo`shatib berish bo`yicha haydovchilarda shaxsiy mas`uliyat juda yuqori.  

Mamlakatimizda keyingi yillarda bunyodkorlik ishlari jarayonida bu masalalarga alohida e`tibor qaratilayotgani quvonarli hol, albatta. Ammo qilinishi kerak bo`lgan ishlar ham talaygina.  

Chunki, yo`llarimizda “tez yordam” mashinasiga yo`l bermaslik holatlari hali ham tez-tez uchramoqda. Qachonki, mashina chaqiruv signalini yoqsagina, yo`l bo`shatilishi mumkin.  

Afsuski, chaqiruv signaliga parvo qilmaydiganlar ham yo`q emas. Holbuki, bu hayotda hech bir inson tasodifiy baxtsiz hodisalardan, sog`lig`i bilan bog`liq muammo yuz berishidan kafolatlanmagan.

Shunday ekan, o`zining va o`zgalarning sog`lig`i uchun hamisha e`tiborli va mas`uliyatli bo`lish insoniylikning muhim qoidasidir.

    Boshqa yangiliklar