Prezident Shavkat Mirziyoevning Murojaatnomasida mamlakatimizning tashqi siyosatini amalga oshirishdagi ustuvor vazifalarga ham to`xtalib o`tildi:
Birinchidan, O`zbekiston olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtiriladi.
Ikkinchidan, tashqi siyosatimizning ustuvor yo`nalishi bo`lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilik, strategik sheriklik va o`zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga alohida e`tibor qaratamiz.
Murakkab pandemiya sharoiti biz bir-birimizga qanchalik bog`liq va kerak ekanimizni yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Bu ijobiy jarayonlarni chuqur o`rganish va yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi.
Kelgusi yili Toshkentda mintaqamizning Janubiy Osiyo bilan munosabatlariga bag`ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o`tkaziladi.
Shular qatorida Xiva shahrida YuNESKO bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo jahon sivilizasiyalari chorrahasida” global anjumanini o`tkazish rejalashtirilgan.
Uchinchidan, asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo`shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa qator davlatlar bilan ko`p qirrali va o`zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytiramiz.
Tashqi ishlar vaziri va uning o`rinbosarlari hamda yurtimizning chet ellardagi elchilari mazkur davlatlar bilan yangi, yanada samarali ish tizimini joriy etishlari zarur.
To`rtinchidan, biz qo`shni Afg`oniston zaminida tinchlik o`rnatilishiga qat`iy ishonamiz va bu ezgu yo`lda amaliy yordamni bundan keyin ham ayamaymiz.
Afg`on muammosini hal etishga qaratilgan global sa`y-harakatlarga Toshkent Xalqaro konferensiyasi ham mustahkam poydevor yaratdi, desak, mubolag`a bo`lmaydi.
Hozirgi kunda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog`laydigan Trans-afg`on transport yo`lagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlarni tashladik. Bu loyihaning ro`yobga chiqarilishi butun mintaqamizda barqarorlik va iqtisodiy o`sishni ta`minlashga beqiyos xizmat qiladi.
Beshinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish masalalari doimo e`tiborimiz markazida bo`ladi.
Joriy yilda respublikamiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi tashkilotiga raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, ko`zda tutilgan 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar muvaffaqiyatli o`tkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi.
2021-2022 yillarda O`zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishi bo`yicha ham jiddiy tayyorgarlikni boshladik.
Oltinchidan, inson huquqlarini ta`minlash, so`z va diniy e`tiqod erkinligi bo`yicha erishayotgan yutuqlarimizni tegishli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlab boramiz.
Kelgusi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Inson huquqlari bo`yicha ta`lim” global forumi, Yoshlar huquqlariga bag`ishlangan Butunjahon yoshlar anjumani, Diniy erkinlik masalalari bo`yicha mintaqaviy konferensiyalarni o`tkazamiz.
Ettinchidan, dunyoning ko`plab mamlakatlaridagi vatandoshlarimizni qo`llab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash maqsadida “Vatandoshlar” jamg`armasini tuzishni taklif etaman.
Sakkizinchidan, jamiyatda millatlararo totuvlik va bag`rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqamiz.
Barchangizga ma`lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyusiyasi bilan har yili 30 iyul Xalqaro do`stlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu bois, ushbu sanani O`zbekistonda “Xalqlar do`stligi kuni” deb belgilashni taklif etaman.
To`qqizinchidan, mintaqamizda, butun dunyoda ekologik vaziyatning tobora yomonlashib borayotgani bizni jiddiy tashvishga soladi.
Qo`shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta`sirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qat`iy davom ettiramiz.
Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o`rmon va butazorlar tashkil etilayotgani Orolbo`yi hududlarida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonchilik ishlari xalqimizni yuksak marralar sari ruhlantirmoqda.
Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolbo`yi mintaqasida inson xavfsizligini ta`minlash bo`yicha ko`p tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yanada kuchaytiramiz.






