"UzAuto Motors" AJning Yuridik departament direktori Rustam Shaymardonov OAV va ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistika, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish etikasiga rioya qilinmay, davlat va xizmat siri hisoblangan ma`lumotlarni oshkor qilish, bo`hton, yolg`on, asossiz ma`lumotlar tarqatish, haqorat va tuhmat qilish harakatlari bilan tadbirkorlik faoliyati sub`ekti hisoblangan “UzAuto Motors”AJning ishchanlik obro`siga va jamiyatning qonun bilan qo`riqlanadigan huquq hamda manfaatlariga ziyon etkazish tegishli qonunlarning moddalari muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo`lishini eslatib qo`ydi.
U o`zining chiqishida avtomobil sanoati mamlakatning iqtisodiyotidagi o`rni va ahamiyati, so`nggi paytlarda erishilgan yutuqlarga ham to`xtaldi.
" - So`nggi yillarda mamlakatda axborot olish erkinligi va kafolatlarining ta`minlanishiga davlatimiz tomonidan alohida e`tibor qaratilmoqda.
Biroq, hozirgi kunda ayrim OAV, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni suiiste`mol qilish holatlari ham kuzatilmoqda.
OAV va ijtimoiy tarmoqlarda “Maxsus buyurtma” asosida turli bo`hton va asossiz xabarlarning tarqatib borilayotganligi, nafaqat milliy brendning nufuziga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham salbiy ta`sirini ko`rsatmoqda.
Birinchidan, bunday xabarlar tarqalishi joriy yilning avgust-sentyabr oylarida “UzAutoMotors”AJ kunlik tushumini qariyb 30-40 mlrd. so`mga keskin kamayishiga yoxud joriy yilning avgust-sentyabr oylarida belgilangan rejani 562 mlrd. so`mga kam bajarilishiga sabab bo`lgan.
Bunday yo`qotishlar albatta, Jamiyatning mazkur tushumlarga mutanosib ravishda davlat byudjetiga soliq va boshqa ijtimoiy to`lovlar to`lashiga to`sqinlik qilgan.
Mablag` taqchilligi yuzaga kelishi natijasida sentyabr oyida rejalashtirilgan akkreditiv to`lovlari va xorijiy hamkorlarga yo`naltiriladigan to`lovlar oktyabr-noyabr oylarida kechiktirib to`langan.
Ikkinchidan, ushbu xabarlar O`zbekiston investisiya jozibardorligiga salbiy ta`sir ko`rsatib, aksariyat investorlarda yurtimizga investisiyalar olib kirishida ikkilanishlar paydo qilmoqda.
Uchinchidan, xorijiy hamkorlar bilan Jamiyatning investisiya loyihalarini moliyalashtirish, zavodning texnik jihozlarini modernizasiya qilish va aylanma mablag`larini ko`paytirish borasidagi 150 mln. evro miqdoridagi davlat ahamiyatiga molik hamkorlik kelishuvini kechikishiga ham aynan shunday xabarlar sabab bo`lgan," deydi Rustam Shaymardonov.






