AsosiyJamiyat

Mototransport va velosipedda harakatlanishni taqiqlovchi yo`l belgilarini tegishli harakat yo`nalishlarida olib tashlash choralari ko`riladi

'Mototransport va velosipedda harakatlanishni taqiqlovchi yo`l belgilarini tegishli harakat yo`nalishlarida olib tashlash choralari ko`riladi'ning rasmi

“Avtomototransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qo`llab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, shuningdek, velosipedda mamlakat bo`ylab harakatlanishni rivojlantirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida xabar berildi. 

Qarorga ko`ra, 2021 yil 10 yanvardan karshering tashkilotlari notarial rasmiylashtirmasdan va ichki ishlar organlarida ro`yxatdan o`tkazmasdan yo`lovchilar avtotransporti va mototransport vositalarini 30 kungacha muddatga qisqa muddatli ijaraga berish huquqiga ega bo`ladi.  

-Karshering tashkilotlarining avtomototransport vositalari maxsus taniqlik belgiga ega bo`lishi shart.

-Avtomototransportlarni qisqa muddatli ijaraga berish bo`yicha faoliyat Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga kiritiladi.

Shuningdek, avtomototransport vositalarini karshering tashkilotlaridan ijaraga olgan shaxslar tomonidan yo`l harakati qoidalari buzilganligi to`g`risidagi ma`lumotlarning mavjudligini aniqlash maqsadida mazkur tashkilotlarga “Ma`muriy amaliyot” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati beriladi.

Bundan tashqari, butun mamlakat bo`ylab o`rnatilgan mototransport  va velosipedda harakatlanishni taqiqlovchi yo`l belgilari tanqidiy tahlil qilinib, tegishli harakat yo`nalishlarida ularni olib tashlash choralari ko`riladi.

Transport vazirligi mamlakatda velosiped transporti, veloinfratuzilma, veloshering (baykshering) faoliyatini (ijaraga berish) rivojlantirishni rejalashtirish bo`yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Eslatib o`tamiz, karshering jismoniy shaxslarga, shu jumladan chet el fuqarolariga avtomotransport vositalarini ijaraga va prokatga berish bo`yicha xizmatlarni ko`rsatish faoliyati hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar