Seshanba kuni Bayden koronavirus bo`yicha maslahatchilari bilan o`tkazgan brifingdan so`ng mamlakatdagi epidemiologik vaziyat to`g`risida bayonot e`lon qildi. O`tish davri jamoasi vakilining so`zlariga ko`ra, saylangan prezident yaqin haftalarda mamlakatda o`lim va kasallanish darajasi oshishi kutilayotgani haqida ogohlantirdi.
Bayden va uning jamoasi bir necha bor vaksinani ommaga tarqatish uchun ko`p vaqt ketishi kerakligi to`g`risida ogohlantirgan va odamlarni yuqtirishdan saqlanish uchun tibbiy mutaxassislarning maslahatlarini tinglashga chaqirishmoqda.
Baydenning COVID-19 konsultativ kengashi a`zosi doktor Atul Gavandening so`zlariga ko`ra, o`tish guruhi vaksina tarqatishdagi to`siqlarni tushunish uchun zarur bo`lgan barcha ma`lumotlarga ega emas.
Shuningdek, u 2021 yil iyun oyining oxiriga qadar barchani emlashni va`da qilgan hozirgi ma`muriyat istiqboli juda nekbin bo`lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Shu kabi tashvishlarni o`tish guruhining boshqa a`zolari ham bildirishdi.
Bayden bosh tibbiyot xodimi etib tayinlanmoqchi bo`lgan doktor Vivek Murtining aytishicha, aholi o`rtasida emlashlar boshlanishi uchun yanada aniqroq muddat - yozning o`rtasi yoki kuzning boshi.
Hozir AQShda ikkita COVID-19 vaksinasi ro`yxatdan o`tgan, ulardan biri Pfizer va uning nemis sherigi BioNTech SE tomonidan ishlab chiqarilgan, ikkinchisi Moderna tomonidan ishlab chiqarilgan. Yana bir nechta vaksinalar esa sinov bosqichida, deyilgan xabarda. \
Eslatib o`tamiz, avvalroq, AQShning yangi saylangan prezidenti Jo Bayden va AQShning saylangan vise-prezidenti Kamala Xarris jonli efirda COVID-19ga qarshi vaksina qabul qildi.






