3 dekabr kuni O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning «2020 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo`shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko`chirish to`g`risida»gi farmoni tasdiqlangan.
Unga ko`ra, mamlakatimiz fuqarolari uchun Yangi yil, Navro`z va Mustaqillik bayramlari munosabati bilan 3 kunlik dam olish imkonini beriladi. Dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida fuqarolarning mazmunli hordiq chiqarishi, oila davrasida ko`proq vaqt birga o`tkazishi va yurtimiz bo`ylab sayohat qilishiga qo`shimcha sharoit yaratadi.
Turizm sohasidagi tadbirkorlik sub`ektlarining tashabbusiga ko`ra, respublikadagi 315 ta joylashtirish vositasida xizmatlar uchun - 50 foizgacha, 90 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasida esa xizmatlar uchun 60 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar e`lon qilindi.
Jumladan, yaqinlashib kelayotgan «Yangi yil» bayramini munosib o`tkazish hamda ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 2021 yil 1-3 yanvar kunlari bayramni nishonlash davrida aviakompaniyaning barcha mahalliy qatnovlariga quyidagi chegirmalar joriy etildi: individual yo`lovchilar uchun – 30 foiz;
- turistik guruhlar (5 va undan ortiq kishi), maktab o`quvchilari, kollej o`quvchilari, liseylar, oliy o`quv yurtlari, IIV, MV, DXX, DSQ, O`zR DBQ va boshqa idoralarning maxsus o`quv yurtlari talabalari va tinglovchilari uchun – 40 foiz;
- oila (2 va undan ortiq kishi, ya`ni:
- er va xotin, er va xotin va ularning 18 yoshgacha bo`lgan bolalari, 18 yoshgacha bolasi bo`lgan ota yoki 18 yoshgacha bolasi bo`lgan onalar) uchun – 50 foiz;
- nafaqaxo`rlar uchun – 50 foiz;
- nogironligi bo`lgan kishilar uchun – 50 foiz. O`zbekistonda ichki turizmga ruxsat berilgani munosabati bilan mamlakatimiz fuqarolarining dam olishini mazmunli tashkil etishda ularning salomatligi va xavfsizligi ta`minlanib, sanitariya-gigiena qoidalariga qat`iy rioya qilinadi.






