AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Qozog`iston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi

'O`zbekiston va Qozog`iston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 dekabr kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlari bir-birlarini va ikki mamlakatning qardosh xalqlarini kirib kelayotgan yangi 2021 yil bilan samimiy tabrikladilar, tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

O`tayotgan yilning barcha xatar va qiyinchiliklariga qaramay, O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik rishtalari, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining izchil rivojlanishi ta`minlanganligi alohida ta`kidlandi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikni, shu jumladan, savdo portfelini yanada kengaytirish, investisiya loyihalari, sanoat, qishloq xo`jaligi, transport va energetika sohalarida aloqalarni chuqurlashtirish lozimligini qayd etdilar. Hududlar o`rtasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish, madaniy-gumanitar almashinuvning keng dasturini amalga oshirishga katta e`tibor qaratildi.

Prezidentlar, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashib, bo`lajak oliy darajadagi tadbirlar  rejasini muhokama qildilar.

Davlatimiz rahbari Qozog`iston Prezidentiga 2021 yilda Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga muvaffaqiyatli raislik qilishini tiladi.

    Boshqa yangiliklar