AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Turkmaniston rahbarlari telefon orqali BMT doirasidagi bo`lajak tadbirlar rejasini ko`rib chiqishdi

'O`zbekiston va Turkmaniston rahbarlari telefon orqali BMT doirasidagi bo`lajak tadbirlar rejasini ko`rib chiqishdi'ning rasmi

30 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.

Davlat rahbarlari bir-birlarini dildan qutlar ekanlar, kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan samimiy tabriklar almashib, mamlakatlarimizning birodar xalqlariga tinchlik, farovonlik, baxt-saodat, muvaffaqiyat va ravnaq tiladilar.

Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan global inqiroz oqibatlariga qaramay, yakuniga etayotgan yilda O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik rishtalariga, yaxshi qo`shnichilik, o`zaro hurmat va ishonch tamoyillariga, o`xshash tarix, madaniy va ma`naviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda katta natijalarga erishilgani ta`kidlandi.

Davlat rahbarlari 2021 yilda ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo`yicha qo`shma rejalarni, shuningdek, ikki tomonlama aloqalar va xalqaro tuzilmalar, avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasidagi bo`lajak tadbirlar rejasini atroflicha ko`rib chiqdilar.

Prezidentlar savdo, sanoat, qishloq xo`jaligi va transport sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga, kelgusi yilda ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarga boy dasturni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Yangi yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko`rish masalalari ham muhokama qilindi.

    Boshqa yangiliklar