O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 dekabr kuni Qirg`iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi Talant Mamitov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida tomonlar kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ikki birodar xalqqa tinchlik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladilar.
Talant Mamitov davlatimiz rahbariga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ko`rsatilgan katta ko`mak va amaliy yordam, shu jumladan, Qirg`iziston hududlarida mobil tibbiyot markazlarini qurish loyihalari amalga oshirilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Ikki mamlakat o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va ko`p qirrali sheriklik aloqalarini izchil mustahkamlashning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
O`zbekiston-Qirg`iziston hamkorligi kun tartibidagi muhim masalalarni, eng avvalo, sanoat kooperasiyasi, savdo, iqtisodiyot va mintaqaviy transport yo`laklarini rivojlantirish choralarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Muloqot so`ngida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil boshida Qirg`izistondagi muhim ichki siyosiy tadbirlarni o`tkazishda muvaffaqiyat tiladi.






