AsosiyJamiyat

Sudyalar Oliy kengashiga matbuot kotibi tayinlandi

'Sudyalar Oliy kengashiga matbuot kotibi tayinlandi'ning rasmi

Jurnalist Tursunali Akbarov O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo`yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda xabar.uz nashri ma`lum qildi.

Xabar qilinishicha, tayinlov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi xulosasiga asosan amalga oshirildi.

Tursunali Adaxamjanovich Akbarov — taniqli va tajribali jurnalistlardan.

U 1973 yili O`sh viloyatining (Qirg`iziston) O`zgan shahrida tug`ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O`zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini tuman gazetasida boshlagan T. Akbarov qator ommaviy axborot vositalari, xususan, «Xabar», «Hurriyat» nashrlarida, «Turkiston-press» axborot agentligi, shuningdek, «Movarounnahr» nashriyotida turli lavozimlarda ishlagan.

Tayinlovga qadar «Xabar.uz» axborot-tahliliy portalining huquq va murojaatlar bilan ishlash bo`limi muharriri vazifasida faoliyat yuritgan.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi PQ-4366-sonli qaroriga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari matbuot kotibi bir vaqtning o`zida rahbarning axborot siyosati masalalari bo`yicha maslahatchisi hisoblanib, mehnatga haq to`lash, tibbiy va transport xizmati ko`rsatish shartlariga ko`ra, rahbar o`rinbosariga tenglashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar