1

G`ijduvonlik fuqaro rashk va g`azab sabab turmush o`rtog`ining uyini yoqib yubordi

Jinoyat 08.01.2021, 19:43
G`ijduvonlik fuqaro rashk va g`azab sabab turmush o`rtog`ining uyini yoqib yubordi

Rashk va g`azab o`tida yonib, turmush o`rtog`ining uyini yoqib yuborgan g`ijduvonlik ayolga sud hukmi o`qildi. Bu haqda Xalq so`zi onlayn xabar qildi.

Ular 2014 yilda turmush qurishgandi. Nikoh to`yida aytilgan tilaku istaklarni eshitgan mehmonlar bu ikki yoshga havas bilan qarashgan, “Bizni ham shunday to`ylarga etkazsin” degan ezgu niyatlar qilishgan edi.

Marg`uba bilan Najmiddin (ism-shariflar ayrim mulohazalarga ko`ra o`zgartirilgan) oradan bir yil o`tib o`g`illi bo`lishdi. Bir qarashda hammasi risoladagidek ketayotgandi. Ammo hayot degan daryo hech qachon sokin oqmaydi. Uning po`rtana-yu to`lqinlari ham bor. Ikkalasi shu to`lqinlarga dosh bera olishmadi. Kun ora janjallashuv, dilxiraliklar oxir-oqibat Marg`ubaning onasinikiga ketib qolishi bilan tugadi. Oradan ikki yil o`tdi. Ajralish taraddudiga tushishdi.

Bu orada sudning tegishli qaroriga ko`ra, Najmiddin farzandini har haftada ko`rib turish imkoniga ega bo`ldi. 2020 yilning 15 iyulida ham u besh yashar o`g`lini uyiga olib kelgandi. Ammo Najmiddin yolg`iz emasdi.O`zining e`tirof etishicha, bolani ota-onasinikiga qoldirib, bo`lg`usi turmush o`rtog`ini uyiga mehmonga chaqirgandi. Najmiddinga qo`ng`iroq qilgan Marg`uba buni payqab qoldi. Yigit ham ishni paysalga solmay “Bu mening xotinim bo`ladi, sen bilan qonuniy ajralgach, shunga uylanaman”, degan mazmunga gap qildi va telefonni yonida turgan ayolga berdi.

Ikki kundosh (shundoq desak ehtimolki, adashmaymiz) o`rtasida esa ma`lumingizkim hech qachon yaxshi gap-so`z bo`lmagan, bo`lmasa ham kerak.

Xullas, jahli chiqqan, rashk o`tida qovrilgan Marg`uba tun qorong`usida eri yashayotgan “Sharq” mahallasidagi ikki qavatli uyga keladi. Tabiiyki, eshik berk edi. Ammo ayni yoz emasmi, uyning bir derazasi ochiq qolgan ekan. Shu derazadan ichkariga kiradi. Bu paytda Najmiddin bo`lg`usi xotini bilan uyning yuqori qavatidagi xonada uxlab yotgandi. Jahl kelsa, aql qochadi, deganlaridek, Marg`uba oyoq tagida turadigan gilamchani gaz plitasida yoqib oshxonadagi stol ustiga tashlaydi. Shundan so`ng imi-jimida g`oyib bo`ladi.

Kaltabinlik, g`azabni bosa olmaslik, alamzadalik oqibati yomon bo`ldi. Ikki kishining hayotini xavf ostiga qo`yib, oshxonani qasddan yoqib yuborishi oqibatida Najmiddinning ota-onasiga tegishli uy, uy jihozlari va buyumlar hamda darvozaxonada turgan “EPICA” rusumli avtomashina yonib ketdi. Jabrlanuvchilarga juda katta miqdorda moddiy zarar etdi. Najmiddin bilan bo`lg`usi turmush o`rtog`i esa uyga o`t ketganidan xabar topgan zahoti gaz quvuriga osilib, bir amallab pastga tushishdi va jon saqlab qolishdi...

Jinoyat ishlari bo`yicha G`ijduvon tuman sudi mazkur jinoyat ishini atroflicha o`rganib chiqdi. Sudya B. Achilov raisligida o`tkazilgan ochiq sud majlisida Marg`uba G`oyirova O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 173-moddasi 2-qismining “b,v” bandlarida ko`rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi va unga shu modda bilan 2 (ikki) yil 6 (olti) oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Zimmasiga qo`shimcha cheklovlar ham belgilandi. Jabrlanuvchilarga etkazilgan zarar ham undan undiriladigan bo`ldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1