Akfa universiteti 11-sinf o`quvchilari va akademik liseylarning oxirgi bosqich o`quvchilari o`rtasida matematika, kimyo, biologiya va ingliz tili bo`yicha olimpiada o`tkazadi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Olimpiadada kelajakda Akfa universitetida o`qishni istagan maktablarning 11-sinf o`quvchilari va akademik liseylarning 3-bosqich o`quvchilari ishtirok etishlari mumkin.
Matematika, kimyo, biologiya va ingliz tili bo`yicha olimpiada uch bosqichda o`tkaziladi. Birinchi bosqichda qiziquvchi yoshlar ushbu havola orqali 2021 yil 5 fevralgacha ro`yxatdan o`tishlari kerak. Ishtirokchilar bitta yoki bir nechta fanlarni tanlashlari mumkin.
https://docs.google.com/forms/d/e/1FAIpQLSeVPgEFkWy6zwwDuFRRuhpjbakBih9Bu7DQ9NkCfkXXUf5T3w/viewform
2021 yil 10 fevralda bo`lib o`tadigan ikkinchi bosqichda ro`yxatdan o`tgan ishtirokchilar onlayn olimpiadada qatnashadilar. Har bir fan bo`yicha test topshiriqlari soni 20 tadan iborat bo`ladi. Birinchi bosqich natijalariga ko`ra, eng yuqori ball to`plagan 80 nafar yoshlar (har bir fan bo`yicha 20 nafardan) uchinchi bosqichda qatnashish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Olimpiadaning yakuniy bosqichi 26 fevral kuni Toshkent shahrida bo`lib o`tadi. Yakuniy bosqich ishtirokchilari matematika, kimyo va biologiya bo`yicha 10 ta masalani echishadi. Ingliz tilidan sinovlar insho va test savollaridan iborat bo`ladi.
Har bir fan bo`yicha 10 nafar g`olib aniqlanadi, ular quyidagi sovrinlarga ega bo`lishadi:
- 1-2 o`rinlar — 25 million so`m
- 3-4 o`rinlar — 20 million so`m
- 5-6 o`rinlar — 15 million so`m
- 7-8 o`rinlar — 10 million so`m
- 9-10-o`rinlar — 5 million so`m.
Sovrin egalari ushbu mablag`lardan faqat Akfa universitetida o`qish uchun to`lovlarni to`lash uchun foydalanishi mumkin. Agar ishtirokchi bir nechta fanlar bo`yicha sovrindorga aylansa, mukofotlar jamlanadi, bu esa mazkur universitetda bepul o`qish imkoniyatini beradi.






