Kuni kecha Namangan shahridagi «Paxtaliko`l» suv uzatish inshootida D-1000 millimetrli yuqori bosimli magistral tarmoqlarda favqulodda nosozlik sodir bo`lganligi sababli mazkur inshoot faoliyati soat 10:00 dan boshlab vaqtinchalik to`xtatilgan edi. Undan tashqari, Andijon shahriga ichimlik suvi etkazib beruvchi Xonobod—Andijon markaziy suv quvurining Andijon tumani «Xortum» mahallasida joylashgan suv taqsimlash jihozida nosozlik yuzaga kelgani sababli 11—12 yanvar kunlari aholiga suv etkazib berishda uzilish yuzaga kelishi mumkinligi xabar berilgandi.
Bugun ikki viloyat hokimligi bo`lgan nozozliklarni bartaraf etilgani haqida xabar berishdi.
"9 yanvar kuni Andijon shahriga ichimlik suvi etkazib beruvchi diametri 1 ming 400 mm.li bo`lgan «Xonobod-Andijon» markaziy suv quvurining Andijon tumani Xortum MFYga qarashli «Anjirzor» ko`chasi hududida joylashgan suv taqsimlash jihozida nosozlik yuzaga kelgan edi.
Shu kuning o`zida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruhi voqea joyida bo`lib, nosozlikni bartaraf etish choralarini ko`rdi.
Ayni daqiqalarda ta`mirlash va sozlash ishlari yakuniga etkazildi.
«Xonobod-Andijon» markaziy suv quvuriga suv ochish ishlari amalga oshirilmoqda. «Andijonsuvta`minot» MChJ tomonidan hudud aholisiga ichimlik suvi 12 yanvar kuni tushdan keyin me`yorida etkazib berilishi ma`lum qilindi", deyilgan Andijon viloyati hokimligi Axborot xizmati xabarida.
"Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov Namangan shahridagi yuqori bosimli magistral tarmog`ida nosozlik kuzatilgan “Paxtaliko`l” suv uzatish inshootiga borib, mutasaddilar ishtirokida holatni joyida ko`zdan kechirdi. 11 yanvar kuni “Paxtaliko`l” suv uzatish inshootida D-1000 millimetrli yuqori bosimli magistral tarmog`ida suv quvurining yorilishi sodir bo`lgan va soat 10.00 dan boshlab inshootning faoliyati vaqtinchalik to`xatilgandi.
Buning oqibatida Namangan shahrining Oromgoh dahasi, “1-Axsikent”, “2-Axsikent”, “Go`zal”, “Chamanzor”, “Minchinor”, “Mustaqillik”, “Pahlavon”, “Nurobod”, “Sihatgoh”, “Mehnatobod”, “Ishonch”, “Istiqbol” MFYlar hududi va 1-kichik tumani ayrim joylarida ichimlik suvi ta`minotida vaqtinchalik uzilishlar sodir bo`lgan.
Hozirda “Namangan suv ta`minoti” MChJ mutaxassislari tomonidan tezkorlik bilan nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, “Oromgoh” suv inshooti orqali ta`minot to`xtatilgan hududlarga ichimlik suvi etkazib berish chorasi ko`rilmoqda.
Mutasaddilar “Paxtaliko`l” suv uzatish inshootidagi nosozlik 4 soat ichida, ya`ni soat 18:00 ga qadar bartaraf etilishini bildirmoqda" deyiladi Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati xabarida.






