Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo`limi qabulxonasidagi rentgen uskunasi 2020 yil 29 dekabrdan buyon nosoz holatda bo`lgan. Elektr ta`minotidagi tez-tez uzilishlar sababli uskunaning dasturiy ta`minotida nosozliklar kuzatilgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Avvalroq, "Otabek Artikov" telegram kanalida va boshqa bir qator manbalarda e`lon qilingan xabarda bir guruh muxbir va blogerlar murojaat o`rganish yuzasidan Chiroqchi tumani markaziy shifoxonasida bo`lishganida rentgen uskunasining asosiy qismi 29 dekabrdan buyon ishlamayotgani ma`lum qilingan edi.
Uskuna ikki marta ta`mirlangan. Biroq yana yuqoridagi sabab bilan nosozlikni to`liq bartaraf etish imkoni bo`lmagan. Uskunani yana ta`mirlash choralari ko`rilayapti.
Ayni paytda tibbiyot birlashmasi hududida joylashgan ko`p tarmoqli markaziy poliklinikadagi rentgen uskunasi doimiy ravishda ishlab turibdi.