Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Rossiya Federasiyasi Amur viloyatidagi “Murad” MChJ bilan imzolangan shartnomaga asosan Agentlikning Namangan viloyati filialida ish beruvchi vakili ishtirokida tanlov o`tkazildi deya xabar bermoqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi axborot xizmati.
Tanlovda ishtirok etgan 270 nafar fuqarodan 250 nafari tanlab olindi. Ushbu fuqarolar yanvar oyi yakuniga qadar qurilish ishlariga yuborilishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoevning 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida belgilangan topshiriqlar asosida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan pandemiya davrida aholini xorijga tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish bo`yicha Rossiyadagi yirik ish beruvchilar bilan kelishuvlarga erishilgan.
Kelishuvlarga muvofiq, o`tgan davrda Agentlik tomonidan Rossiya Federasiyasining Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi qurilish ob`ektlari uchun Namangan viloyatidan 600 dan ortiq fuqarolar ishga yuborilgan.