Kecha, 22 yanvar kuni Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog`lovchi “Taxtaqoracha” dovonida ko`p miqdorda qor yog`ganligi sababli avtotransport vositalarining harakati vaqtincha cheklangan haqida xabar bergan edik.
Ayni vaqtda dovon yo`lida avtotransport vositalari harakatiga ruxsat berilib, qatnov davom etmoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi xabar berdi.
Yo`llarni qordan tozalash ishlari olib borildi. Muzlamalarni eritish uchun qum-tuz aralashmalari sepib zaruriy choralar ko`rildi.
“Haydovchilardan ehtiyotkor bo`lishlarini, ob-havo va yo`l sharoitini inobatga olib transport vositasini boshqarishlarini so`raymiz”,– deyiladi YHXBB xabarida.






